Yangiliklar

not found

O‘zbekiston va Turkiya farmatsevtika sohasida hamkorlikni yanada rivojlantiradi

O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi delegatsiyasi Turkiyaning yetakchi institutsional va xususiy tuzilmalari bilan qator uchrashuvlar tashkil etdi.  Mamlakatimizning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida tashkil etilgan uchrashuvlarda delegatsiya aʼzolari Turkiya palatalar va birjalar ittifoqi hamda turk farmatsevtika sanoatining yetakchi kompaniyalari — “Abdi İbrahim İlaç”, “Atabay Kimya”, “Humanis Sağlık” va “Koçak Farma İlaç ve Kimya” rahbariyati bilan muzokaralar olib bordi. Bu haqda “Dunyo” AA muxbiri xabar qildi. Muloqot davomida O‘zbekistonda farmatsevtika sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay investitsiya muhiti, meʼyoriy-huquqiy bazaning izchil takomillashtirilishi, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish, sertifikatlash va bozorga chiqarish hamda xalqaro standartlarga muvofiqligi yuzasidan fikr-mulohaza almashildi. O‘zbekiston farmatsevtika bozorining yuqori o‘sish salohiyati, aholining dori vositalariga bo‘lgan barqaror va ortib boruvchi ehtiyoji, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlari, maxsus farmatsevtika klasterlari va erkin iqtisodiy zonalarda taqdim etilayotgan soliq va bojxona imtiyozlari haqida maʼlumot berildi. Turk kompaniyalariga O‘zbekiston hududida qo‘shma korxonalar tashkil etish, ishlab chiqarishni lokalizatsiya qilish, zamonaviy texnologiyalar transferi hamda ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlik qilish imkoniyatlari keng yoritildi. Turkiya tomoni farmatsevtika mahsulotlarini O‘zbekiston bozoriga olib kirish, mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonlari, klinik tadqiqotlarni tashkil etish, sifat nazorati tizimi hamda eksport-import tartib-taomillariga doir masalalar bo‘yicha to‘xtalib o‘tdi. Tashrif doirasida delegatsiya vakillari turk kompaniyalarining ishlab chiqarish zavodlari va fabrikalari faoliyati bilan tanishdi. Farmatsevtlar bu yerda mahsulotlarni ishlab chiqarish jarayonlari, sifatni taʼminlash tizimi, xalqaro GMP standartlari, ilg‘or texnologiyalar hamda innovatsion yechimlar bilan yaqindan tanishdi. Samarali muzokaralar farmatsevtika sohasida o‘zaro tajriba almashish va kelgusida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkonini berdi. Uchrashuvlarda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida farmatsevtika sohasida ikki tomonlama hamkorlikni yana-da chuqurlashtirish, o‘zaro investitsiyalarni kengaytirish, ishlab chiqarish kooperatsiyasini rivojlantirish hamda eksport salohiyatini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Turkiya farmatsevtika kompaniyalari O‘zbekiston bozoriga kirish va uzoq muddatli strategik sheriklikni yo‘lga qo‘yishga katta qiziqish bildirdi.

  • 15 Yanvar, 15:16
  • Batafsil
not found

Vaqtinchalik tanqislik yuzaga kelgan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlashni tashkil etish qanday tartibda amalga oshiriladi?

O‘zbekiston Respublikasida vaqtinchalik tanqislik yuzaga kelgan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlashni tashkil etish: - respublika darajasidagi tibbiyot muassasalari; - tibbiyotning ixtisoslashtirilgan yo‘nalishlaridagi assotsiatsiyalari; - ulgurji farmatsevtika tashkilotlari; - O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi; - Vazirlikning tegishli tarkibiy bo‘linmalari (“Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimi orqali dori vositalari va tibbiy jihozlarning tanqisligi aniqlanganda) tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlarni tahlil qilish asosida aniqlanadi. Ro‘yxatdagi tashkilotlar O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri tomonidan tasdiqlangan Vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan holatlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bo‘yicha doimiy ishchi guruhga quyidagi ma’lumotlarni taqdim etadi: - dori vositasi va tibbiy jihozning klinik ahamiyati, shu jumladan qamrab olinadigan aholi soni, dalillarga asoslangan tibbiyotda samaradorligi; - dori vositasi va tibbiy jihozning terapiya tuzilishidagi xavflar, shu jumladan tanqislikning kelib chiqishiga sabab bo‘lgan omillar hamda tibbiyot muassasalarida mavjud qoldiqlari; - dori vositasi va tibbiy jihozning O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi yoki ishlab chiqarilishi to‘xtatilishi rejalashtirganligi; - vaqtinchalik tanqislikni bartaraf etish uchun zarur bo‘lgan dori vositasi va tibbiy jihozning 3 oylik minimal miqdori (soni). Bunda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi, doza va shakllari, tibbiy jihozlarning texnik talablari ko‘rsatiladi.

  • 15 Yanvar, 10:30
  • Batafsil
not found

Mutaxassislar: bel sohasidagi og‘riqni dori -darmonsiz kamaytirish mumkin

Avstraliyalik tadqiqotchilar bel sohasidagi og‘riqni yengish uchun eng samarali usullar qimmat davolanish yoki dori-darmonlarni talab qilmasligini aniqladi. Bunday xulosaga Sidney universiteti jamoasining tadqiqot natijalari Arthritis Care & Research jurnalida e’lon qilindi. Olimlar bir yil davomida surunkali bel og‘rig‘iga ega bo‘lgan insonlarni kuzatib, turmush tarzi bilan tibbiy yordamga ketadigan xarajatlarni tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha: - chekishdan voz kechish, - o‘rtacha jismoniy faollik, - sifatli uyqu va - sog‘lom vaznni saqlash dori-darmonlarga ehtiyojning kamaytirib, davolanishga ketadigan umumiy xarajatlarni o‘rtacha 23 foizga kamaytirgan. Ayniqsa, uyqu eng sezilarli omil sifatida namoyon bo‘ldi: tunda miriqib dam olgan ishtirokchilar shifokor qabuli, fizioterapiya va og‘riq qoldiruvchi dorilarga bir yilda ming dollargacha kamroq mablag‘ sarflagan. Shuningdek, tadqiqotchilar ayollar erkaklarga nisbatan bel og‘rig‘iga o‘rtacha 76 foizga ko‘proq xarajat qilishini aniqladi. Bu holat muammoning ayollar orasida kengroq tarqalganini hamda sog‘liqqa ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini anglatadi. Mualliflar ta’kidlashicha, bel og‘rig‘ida har doim ham keskin choralar yoki tabletkalar talab etilmaydi. Kichik va amalga oshirsa bo‘ladigan o‘zgarishlar — ko‘proq harakat qilish, chekishdan voz kechish va uyquga e’tibor qaratish — nafaqat ahvolni yengillashtiradi, balki davolanish bilan bog‘liq moliyaviy yukni ham sezilarli darajada kamaytiradi.

  • 14 Yanvar, 15:44
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech