09:00 (03.09.2025)
76
Garvard tibbiyot maktabi va Brigam ayollar shifoxonasi olimlari olib borgan tadqiqotlarga koʼra, kako ekstrakti qoʼshimchalarini uzoq muddat davomida qabul qilish umumiy gipertoniya rivojlanish xavfini kamaytirmaydi, biroq u qon bosimi meʼyorda boʼlgan insonlarda bu holatning oldini olishda samarali boʼlishi mumkin.
Tadqiqot natijalari Hypertension jurnalida eʼlon qilindi. Tadqiqotda 21 442 nafar keksalar — 65 yoshdan katta ayollar va 60 yoshdan katta erkaklar ishtirok etdi. Ishtirokchilar tasodifiy tarzda ikki guruhga ajratildi: bir guruhga kako ekstrakti va mulьtivitamin qoʼshimchasi berilgan boʼlsa, ikkinchi guruh platsebo qabul qildi.
Kako ekstraktining gipertoniya rivojlanish xavfiga taʼsirini aniqroq baholash maqsadida tadqiqot boshlanishida qon bosimi oshmagan 8 905 nafar ishtirokchidan iborat alohida guruh ham tahlil qilindi.
Kuzatuvning oʼrtacha davri 3,4 yilni tashkil etdi. Ushbu muddat davomida ikki guruh oʼrtasida sezilarli farqlar topilmadi: bir xil chastotada gipertoniya holatlari rivojlandi. Biroq kichik guruhlarni tahlil qilganda,, asosiy sistolik bosim 120 mm Hg dan past boʼlgan odamlarda kakao qoʼshimchasi gipertoniya rivojlanish xavfini 24 foizga kamaytirgan. Bu ijobiy taʼsir, asosan, qoʼshimcha qabul qilinganining ikkinchi yili oxiriga kelib namoyon boʼlgan.
Shu tariqa, tadqiqot mualliflari kakao flavanollari mavjud qon bosimini pasaytirishdan koʼra, qon tomirlar sogʼlomligini saqlash va qon bosimining erta bosqichda oshishining oldini olishda samarali ekanini qayd etishdi.
Kakao tarkibida antioksidantlarga qoʼshimcha ravishda magniy, sink, fosfor va kaliy kabi organizm uchun muhim boʼlgan moddalarga ham boy. Shuning uchun u kayfiyatni yaxshilash va umumiy ahvolni barqarorlashtirishga yordam beradi. Ushbu ichimlik ayniqsa sovuq fasllarda foydali hisoblanadi, chunki u virusli kasalliklar va organizmdagi yalligʼlanish jarayonlariga qarshi kurashish qobiliyatiga ega.