09:10 (20.08.2026)
62
Vitamin K suyaklarning mustahkamligi va ichki tuzilishi bilan barqaror bogʼliq boʼlgan yagona vitamin boʼlib chiqdi.
Аvstraliyalik olimlar shunday xulosaga keldi. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida chop etilgan.
Tadqiqotchilar son suyagi jarrohlik amaliyoti oʼtkazilgan 108 nafar bemorning maʼlumotlarini oʼrganib, son suyagi sinishi boʼlgan va boʼlmagan bemorlarni solishtirgan. Ular K, D, C va E, V guruhi vitaminlari, rux va boshqa oziqlanish koʼrsatkichlari darajasini baholagan. Shuningdek, suyak toʼqimasining mustahkamligi va mikrotuzilishi ham batafsil oʼrganishgan.
Maʼlum boʼlishicha, faqat vitamin K bilan bogʼliq koʼrsatkichlar suyaklarning holati bilan izchil bogʼliqlikni namoyon qilgan. Vitamin K taʼsirida faol holatga keladigan oqsil — osteokalsinning faol shakli son suyagining yuqori mustahkamligi, kortikal qatlamining qalinroq boʼlishi va ichki tuzilishining zichroqligi bilan bogʼliq boʼlgan. Аksincha, osteokalsinning nofaol shakllari suyaklar moʼrtligining ortishi belgilari kuzatilganlar koʼproq uchragan.
Mualliflar taʼkidlashicha, vitamin K suyak toʼqimasining toʼgʼri minerallashuvi uchun zarur. U osteokalsinning kalsiyni bogʼlashi va uni suyak tarkibiga kiritishida yordam beradi.
Biroq tadqiqot natijalari vitamin K qabul qilishning oʼzi suyak sinishi xavfini kamaytiradi, degan xulosani isbotlamaydi. Yaʼni, vitamin K suyaklar salomatligida muhim rol oʼynashi mumkin, ammo uni qoʼshimcha ravishda qabul qilish zarurati va samarasi boʼyicha alohida klinik tadqiqotlar talab etiladi.