09:10 (26.08.2026)

48

COVID-19 inson tanasida “uxlab yotgan” xavfli viruslarni qayta uygʻotishi mumkin

COVID-19 organizmda allaqachon mavjud boʻlgan “uyqudagi” viruslarni “uygʻotishi” mumkin. Ularning qayta faollashishi kasallikning ogʻirroq kechishi va uzoq davom etuvchi COVIDning ayrim belgilari bilan bogʻliq, degan xulosaga keldi Texas universiteti tadqiqotchilari.

Tadqiqot natijalari Nature jurnalida eʼlon qilingan. Olimlar 2021-yil oʻrtasigacha COVID-19ning ogʻir shakli bilan kasalxonaga yotqizilgan 1154 nafar bemorni kuzatgan. Bir yil davomida ular qon namunalari va burundan olingan surtmalarni tahlil qilib, SARS-CoV-2 infeksiyasi vaqtida qaysi viruslar qayta faollashganini aniqlashga harakat qilgan.

Maʼlum boʻlishicha, bemorlarning deyarli yarmida avval organizmda “uyqudagi” holatda boʻlgan kamida bitta virus qayta faollashgan. Eng koʻp hollarda Epshteyn — Barr virusi (EBV), gerpes va anelloviruslarni aniqlagan.

Taʼkidlanishicha, COVID-19 keltirib chiqaradigan kuchli immun inqirozi organizmning ichki himoya tizimini zaiflashtiradi. Oqibatda surunkali charchoq, asab tizimining shikastlanishi hamda uzoq davom etuvchi jismoniy nogironlik xavfi keskin ortadi.

Shifokorlar ushbu yangi kashfiyot COVID asoratlaridan aziyat chekayotgan millionlab bemorlarni samarali davolash, ular organizmidagi yashirin infeksiyalarni davolashda muhim qadam demoqda.

Endi olimlar bunday viruslarning qayta faollashishini jilovlaydigan viruslarga qarshi preparatlar COVID-19ning uzoq muddatli asoratlari rivojlanish xavfini kamaytira oladimi-yoʻqmi, shuni tekshirishni rejalashtirmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech