14:02 (19.08.2026)
82
Koʼpchilik dori qabul qilganda uning organizmda qanday harakatlanishi va kasallik belgilariga qanday taʼsir koʼrsatishi haqida oʼylab koʼrmaydi. Аslida esa har bir dori organizmga kirganidan soʼng bir qator murakkab jarayonlardan oʼtadi. Bu jarayonlarni farmakologiya fani oʼrganadi.
Dorining organizmdagi «sayohati» odatda toʼrt asosiy bosqichdan iborat:
1. Soʼrilish — dori qonga oʼtadi
Tabletka, kapsula, sirop yoki boshqa dori vositasi organizmga kirgach, uning faol moddasi qon aylanishiga soʼriladi. Dorining qanchalik tez va qay darajada soʼrilishi uni qabul qilish usuli, dori shakli va organizmning xususiyatlariga bogʼliq.
Masalan, ogʼiz orqali qabul qilingan dori odatda oshqozon-ichak tizimi orqali soʼriladi. Аyrim dorilar esa teri, oʼpka, mushak yoki tomir orqali organizmga kiritiladi.
2. Taqsimlanish — dori kerakli joyga yetib boradi
Qon oqimi dorining faol moddasini organizm boʼylab tashiydi. Dori muayyan toʼqima, aʼzo yoki hujayradagi oʼzining «nishoni»ga yetib borishi kerak. Аyrim dorilar butun organizmga tarqaladi, boshqalari esa asosan maʼlum bir aʼzo yoki toʼqimaga taʼsir koʼrsatish uchun moʼljallangan.
Dori qanday qilib taʼsir koʼrsatadi?
Dorining organizmga taʼsiri uning molekulalari bilan hujayralardagi muayyan nishonlar — koʼpincha retseptorlar yoki fermentlar oʼrtasidagi oʼzaro taʼsirga bogʼliq. Oddiy qilib aytganda, retseptorni «qulf», dori molekulasini esa unga mos «kalit» sifatida tasavvur qilish mumkin. Аyrim dorilar retseptorni faollashtiradi, boshqalari esa uni bloklaydi. Masalan, baʼzi allergiyaga qarshi dorilar gistamin retseptorlarini bloklab, allergiya belgilari kamayishiga yordam beradi.
Boshqa dorilar esa fermentlar faoliyatini oʼzgartiradi. Masalan, statinlar xolesterin hosil boʼlishida ishtirok etuvchi fermentni toʼsib, organizmda xolesterin miqdorining kamayishiga olib keladi.
3. Metabolizm — organizm dorini qayta ishlaydi
Dori organizmda maʼlum vaqt qolganidan soʼng uning bir qismi oʼzgarishga uchraydi. Bu jarayon metabolizm deb ataladi. U asosan jigardagi fermentlar ishtirokida amalga oshadi.
Koʼp hollarda metabolizm dorining faolligini pasaytiradi va uni organizmdan chiqarishni osonlashtiradi. Biroq ayrim dorilarda aksincha, organizmda qayta ishlangandan keyingina faol modda hosil boʼladi.
4. Chiqarilish — dori organizmni tark etadi
Dori yoki uning organizmda hosil boʼlgan metabolitlari asosan buyraklar orqali peshob bilan chiqariladi. Аyrim moddalar esa oʼt, ichak, oʼpka, ter yoki boshqa yoʼllar orqali chiqarilishi mumkin.
Nega bir xil dori turli odamlarga har xil taʼsir qilishi mumkin?
Dorining taʼsiri insonning yoshi, vazni, jigar va buyraklar faoliyati, boshqa qabul qilayotgan dorilari va organizmning individual xususiyatlariga bogʼliq boʼlishi mumkin. Genetik farqlar ham ayrim dorilarga organizmning qanday javob berishida rolь oʼynaydi. Shuning uchun biror kishiga yaxshi taʼsir qilgan dori boshqa odamga xuddi shunday taʼsir qilmasligi yoki nojoʼya taʼsir keltirib chiqarishi mumkin.
Xulosa. Dori organizmga kirganidan soʼng shunchaki «kasal joyni davolab qoʼymaydi». U avval soʼriladi, qon orqali tarqaladi, muayyan biologik nishon bilan oʼzaro taʼsirlashadi, organizmda qayta ishlanadi va oxir-oqibat chiqarib yuboriladi.
Dorining qanday taʼsir qilishi va organizmdan qancha vaqtda chiqishi har bir preparatning xususiyatlari hamda inson organizmining individual holatiga bogʼliq. Shuning uchun dori vositalarini oʼzboshimchalik bilan emas, mutaxassis tavsiyasi asosida qabul qilish muhim.