16:00 (05.09.2025)
69
Kuzda koʼplab ota-onalar bolalarini birinchi marta bolalar bogʼchasiga berishadi. Bu orqali ular ish faoliyati uchun koʼproq vaqtga ega boʼlishni istashadi. Biroq, hech qancha oʼtmay bolalarda shamollash va OʼRVI (oʼtkir respirator virusli infektsiyalar) holatlari uchray boshlaydi.
Tibbiyot fanlari nomzodi Valeriy Litvinovning taʼkidlashicha, bolalar bogʼchasida tez-tez kasal boʼlishining asosiy sabablari — yangi muhitga moslashishdagi stress va notanish mikroblar bilan birinchi marta toʼqnash kelishbdir.
Uning soʼzlariga koʼra, bolaning atrof-muhiti keskin oʼzgarganda yuzaga keladigan psixoemotsional zoʼriqish koʼpincha jismoniy simptomlar orqali namoyon boʼladi. Shu bilan birga, yangi virus va bakteriyalar bilan toʼqnashuv bola organizmida immun xotira shakllanishi jarayonini boshlaydi. Bu jarayon ota-onalar uchun xavotirli tuyulsa-da, u bola oʼsishining tabiiy qismidir.
Аgar bola kasalliklarni yengil formada oʼtkazayotgan boʼlsa, toʼliq sogʼaygandan soʼng bogʼchaga borishni davom ettirishi tavsiya etiladi. Chunki bogʼchadan uzoq vaqt uzilish adaptatsiya jarayonini yanada choʼzib yuborishi mumkin. Biroq kasallik asoratlar bilan kechayotgan va uzoq davolanishni talab etayotgan boʼlsa, albatta, bolani bolalar shifokori yoki immunolog mutaxassisiga koʼrsatish lozim.
Mutaxassisning taʼkidlashicha, baʼzi keng tarqalgan "xalqona usullar" — masalan, xonalarga sarimsoq qoʼyish yoki oksalin mazi surtish — nafaqat samarasiz, balki bolalarda allergiya yoki nafas olish muammolarini keltirib chiqarishi mumkin. Eng xavfsiz va samarali yoʼl — bu vaktsina olish. Bu orqali bola infektsiyani yengil formada oʼtkazishi yoki umuman xastalanmasligi mumkin.
Tadqiqotchining taʼkidlashicha, bolalar bogʼchasi nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Bogʼcha bolalarda jamoada muloqot qilish, doʼstlashish va birgalikda faoliyat yuritish kabi koʼnikmalarni shakllantiradi. Аgar bola sogʼligʼi tufayli bogʼchaga bora olmasa, buni oʼzga sharoitlarda — masalan, tengdoshlari bilan birga oʼyinlar, toʼgaroklar yoki oilaviy tadbirlar orqali — toʼldirish juda muhim. Аks holda, bolaning kelgusida yangi jamoalarga moslashishi qiyin kechishi mumkin va uning immun tizimi infektsiyalarga ogʼirroq javob qaytarishi ehtimoli ortadi.