09:00 (05.09.2025)

38

“Yashirin sex” tashkil qilib, dori vositalarini qadoqlash bilan shugʻullanib kelgan fuqaro qoʻlga tushdi

Bosh prokuratura huzuridagi Namangan viloyati boshqarmasi, DXX hamda Bojxona xodimlari hamkorligida tezkor tadbir oʻtkazildi, deb xabar bermoqda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.

Unda aytilishicha, oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro T.N. Davlatobod tumani, “Toʻquvchi” MFYda joylashgan noturar binoda yashirin sex tashkil etib, dori vositalarini saqlash sharoitlariga amal qilmasdan dori vositalarni qadoqlash faoliyati bilan shugʻullanib kelganligi fosh qilingan.

Maʼlum boʻlishicha, fuqaro T.N. ushbu sexdan umumiy bahosi 952 million soʻmlik 16 turdagi jami 22 ming 142 quti sifati kafolatlanmagan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan.

Shu kabi yana bir holat, departamentning Marhamat tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda ham aniqlangan.

Unga koʻra, fuqaro M.Q. Marhamat tumani “Mirishkor” MFY hududida joylashgan binoda hech qanday hujjatlarsiz xorijda ishlab chiqarilgan sifati kafolatlanmagan muvofiqlik sertifikati boʻlmagan umumiy bahosi 136,9 million soʻmlik 646 turdagi dori vositalari va tibbiy buyumlar savdosi bilan shugʻullanib kelayotganligi aniqlangan.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari boshlab yuborildi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech