Yangiliklar

not found

JSSTning asosiy dori vositalari roʻyxatiga saraton va diabetga qarshi dori vositalari kiritildi

JSST asosiy dori vositalari boʻyicha yangilangan namunali roʻyxati (EML) va bolalar uchun muhim dori vositalarining yangilangan namunali roʻyxati (EMLc) nashrlarini eʼlon qildi. Ushbu ryoʻxatga  turli xil saraton kasalliklarini davolash hamda qandli diabet bilan birga kechadigan qoʻshimcha kasalliklar, xususan semizlikni davolash uchun moʻljallangan yangi dori vositalari kiritildi. Shuningdek, roʻyxatlarga mukovissidoz, psoriaz, gemofiliya va boshqa qon kasalliklarini terapiya qilish uchun moʻljallangan dori vositalari ham qoʻshildi. JSST namunaviy roʻyxatlariga aholining sogʻligʻiga boʻlgan ustuvor ehtiyojlarini qondirish uchun zarur boʻlgan dori vositalari kiradi. Bunday roʻyxatlar 150 dan ortiq davlatda qabul qilingan boʻlib, davlat xaridlari, dori-darmon bilan taʼminlash, tibbiy sugʻurta hamda dori vositalari uchun xarajatlarni qoplashni tashkil etishda meʼyoriy asos sifatida xizmat qiladi.  “Asosiy dori vositalari roʻyxatlarining yangi nashrlari – klinik jihatdan samarasi isbotlangan va kelgusida aholi salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan zamonaviy dori vositalarining mavjudligini oshirish yoʻlida muhim qadam hisoblanadi”, – dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori yordamchisi Yukiko Nakatani.  BMTning namunali roʻyxati birinchi marta 1977-yilda nashr etilgan.  JSSTning muhim dori vositalarini tanlash va ulardan foydalanish boʻyicha ekspert qoʻmitasi roʻyxatlarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha 59 ta soʻrovni, shu jumladan, yangi dori vositalari yoki dori vositalari sinflarini kiritish boʻyicha 31 ta taklifni koʻrib chiqdi. Natijada, namunaviy roʻyxatga (EML) 20 ta, bolalar uchun namunaviy roʻyxatga (EMLc) esa 15 ta yangi mavzu qoʻshildi, shuningdek, roʻyxatda mavjud boʻlgan yetti preparat uchun yangi qoʻllash koʻrsatmalari belgilandi. Yangilangan roʻyxatlarda kattalar uchun 523 ta, bolalar uchun esa 374 ta asosiy dori vositalari mavjud.  Saraton kasalligi dunyo boʻyicha oʻlimga olib keluvchi ikkinchi asosiy sabab boʻlib, har yili deyarli 10 million kishining hayotiga zomin boʻlmoqda.  Soʻnggi oʻn yillikda JSST turli xil onkologik kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan dori vositalarini Muhim dori vositalari roʻyxatiga (EML) faol ravishda kiritib kelmoqda. Muhim dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan onkologik dori vositalari soni cheklangan boʻlib, faqat bemorning umrini kamida 4–6 oyga uzaytirishi isbotlangan dorilarni oʻz ichiga oladi. Qoʻmita saraton kasalligini davolash uchun moʻljallangan 25 ta dori vositasiga oid 7 ta arizani koʻrib chiqdi. Bu dori vositalari organizmning immun tizimiga saraton hujayralarini samaraliroq aniqlash va yoʻq qilishda yordam beradigan immunoterapevtik preparatlar sinfiga kiradi. Muhim dori vositalari roʻyxatiga  pembrolizumab nomli preparat kiritildi. U monoterapiya sifatida metastatik bosqichdagi bachadon boʻyni saratoni, kolorektal saraton va nemelkokletkali oʻpka saratonini davolash uchun birinchi darajali vosita hisoblanadi. Metastatik yirik boʻlmagan oʻpka saratonni davolash uchun roʻyxatda alternativ dori vositalari ham mavjud — atezolizumab va semiplimab. Qandli diabet va semizlik zamonaviy dunyoda sogʻliqni saqlash sohasidagi eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. 2022-yilda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 800 million nafardan oshdi, shularning yarmi yetarli darajada davolanmagan. Shu bilan birga, dunyo boʻylab bir milliarddan ortiq odam semizlikdan aziyat chekmoqda. Qandli diabet va semizlik bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ular yurak-qon tomir kasalliklari va buyrak yetishmovchiligi kabi jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin. Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ekspertlar qoʻmitasi 2-tur qandli diabetni davolashda  glyukagonga oʻxshash peptid-1 (GPP-1) retseptorlarining agonistlari deb nomlanuvchi dori vositalar guruhidan foydalanishning afzalliklarini isbotlovchi ilmiy dalillarni tahlil qildi. Ayniqsa, yurak-qon tomir yoki buyrak bilan bogʻliq xastaliklar mavjud boʻlgan hollarda ushbu dori vositalari: qondagi shakar miqdorini yaxshiroq nazorat qilishga yordam beradi, yurak va buyrak asoratlari xavfini kamaytiradi, vaznni kamaytirishga koʻmaklashadi. Tavsiyalarni qabul qilishdan oldin Qoʻmita jami 59 ta arizani koʻrib chiqdi va har bir dori vositasining samaradorligi hamda xavfsizligi boʻyicha mavjud ilmiy dalillarni tahlil qildi. Taʼlim, fan, tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi taniqli mutaxassislardan iborat ekspert komissiyasi har ikki yilda bir marta sogʻliqni saqlashning yangi muammolarini hisobga olgan holda, samaradorligi yuqori dori vositalarini roʻyxatga kiritish choralarini koʻrib boradi.

  • 9 Sentyabr, 12:30
  • Batafsil
not found

Qirgʻizistondan katta miqdordagi kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib kelgan shaxslar ushlandi

Qirgʻizistondan yirik miqdordagi psixotrop moddalar olib kelgan shaxslar qoʻlga olindi, deya xabar bermoqda  “Xavfsizlik” kanali. Unda aytilishicha, Namangan shahrida yashovchi, 1985-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 246 va 251-1-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs qirgʻizistonlik tanishiga aloqaga chiqib, katta partiyadagi dori vositalarini yetkazib berishini soʻragan. Oʻz navbatida Qirgʻiz Respublikasi fuqarosi 16 ming 755 dona “Regapen” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini aylanma yoʻllar orqali Kosonsoy tumaniga olib kelib, xufiya joyga qoldirgan. Namanganlik shaxs esa ushbu dori vositalarini Kosonsoy tumanidan Namangan shahriga keltirib berishi uchun oʻzining hamshahariga 500 ming soʻm vaʼda qilgan. DXXning Namangan viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat Ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda kuryer dori vositalarini xufiya joydan olib ketayotgan vaqtida ushlangan. Shundan soʻng tezkor tadbir davom ettirilib, buyurtmachi ham protsessual tartibda qoʻlga olingan. Hozirda ushbu 2 nafar fuqaroga nisbatan Jinoyat Kodeksining 246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Shu kabi yana bir holat Fargʻona viloyatida ham aniqlangan. Unga koʻra, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar va Bojxona organlari xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda Qoʻqon shahrida yashovchi, 1980-yilda tugʻilgan, muqaddam Jinoyat Kodeksining 246 va 273-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilgan shaxs oʻzining “Tracker 2” rusumli avtomashinasida “Fargʻona–Qoʻqon” yoʻnalishida harakatlanayotgan vaqtida toʻxtatilgan. Avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, uning yukxonasida 11 ming 200 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi fosh qilingan. Tergovga qadar tekshiruv davomida, ushbu dori vositalari Qirgʻiz Respublikasidan aylanma yoʻllar orqali olib kelinganligi aniqlangan. Hozirda ushbu shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 28,246-moddasi 1-qismi va 251-1-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

  • 8 Sentyabr, 17:45
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech