12:30 (09.09.2025)
71
JSST asosiy dori vositalari boʻyicha yangilangan namunali roʻyxati (EML) va bolalar uchun muhim dori vositalarining yangilangan namunali roʻyxati (EMLc) nashrlarini eʼlon qildi. Ushbu ryoʻxatga turli xil saraton kasalliklarini davolash hamda qandli diabet bilan birga kechadigan qoʻshimcha kasalliklar, xususan semizlikni davolash uchun moʻljallangan yangi dori vositalari kiritildi. Shuningdek, roʻyxatlarga mukovissidoz, psoriaz, gemofiliya va boshqa qon kasalliklarini terapiya qilish uchun moʻljallangan dori vositalari ham qoʻshildi.
JSST namunaviy roʻyxatlariga aholining sogʻligʻiga boʻlgan ustuvor ehtiyojlarini qondirish uchun zarur boʻlgan dori vositalari kiradi. Bunday roʻyxatlar 150 dan ortiq davlatda qabul qilingan boʻlib, davlat xaridlari, dori-darmon bilan taʼminlash, tibbiy sugʻurta hamda dori vositalari uchun xarajatlarni qoplashni tashkil etishda meʼyoriy asos sifatida xizmat qiladi.
“Asosiy dori vositalari roʻyxatlarining yangi nashrlari – klinik jihatdan samarasi isbotlangan va kelgusida aholi salomatligiga ijobiy taʼsir koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻlgan zamonaviy dori vositalarining mavjudligini oshirish yoʻlida muhim qadam hisoblanadi”, – dedi Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bosh direktori yordamchisi Yukiko Nakatani.
BMTning namunali roʻyxati birinchi marta 1977-yilda nashr etilgan.
JSSTning muhim dori vositalarini tanlash va ulardan foydalanish boʻyicha ekspert qoʻmitasi roʻyxatlarni qayta koʻrib chiqish boʻyicha 59 ta soʻrovni, shu jumladan, yangi dori vositalari yoki dori vositalari sinflarini kiritish boʻyicha 31 ta taklifni koʻrib chiqdi. Natijada, namunaviy roʻyxatga (EML) 20 ta, bolalar uchun namunaviy roʻyxatga (EMLc) esa 15 ta yangi mavzu qoʻshildi, shuningdek, roʻyxatda mavjud boʻlgan yetti preparat uchun yangi qoʻllash koʻrsatmalari belgilandi. Yangilangan roʻyxatlarda kattalar uchun 523 ta, bolalar uchun esa 374 ta asosiy dori vositalari mavjud.
Saraton kasalligi dunyo boʻyicha oʻlimga olib keluvchi ikkinchi asosiy sabab boʻlib, har yili deyarli 10 million kishining hayotiga zomin boʻlmoqda. Soʻnggi oʻn yillikda JSST turli xil onkologik kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan dori vositalarini Muhim dori vositalari roʻyxatiga (EML) faol ravishda kiritib kelmoqda. Muhim dori vositalari roʻyxatiga kiritilgan onkologik dori vositalari soni cheklangan boʻlib, faqat bemorning umrini kamida 4–6 oyga uzaytirishi isbotlangan dorilarni oʻz ichiga oladi.
Qoʻmita saraton kasalligini davolash uchun moʻljallangan 25 ta dori vositasiga oid 7 ta arizani koʻrib chiqdi. Bu dori vositalari organizmning immun tizimiga saraton hujayralarini samaraliroq aniqlash va yoʻq qilishda yordam beradigan immunoterapevtik preparatlar sinfiga kiradi. Muhim dori vositalari roʻyxatiga pembrolizumab nomli preparat kiritildi. U monoterapiya sifatida metastatik bosqichdagi bachadon boʻyni saratoni, kolorektal saraton va nemelkokletkali oʻpka saratonini davolash uchun birinchi darajali vosita hisoblanadi. Metastatik yirik boʻlmagan oʻpka saratonni davolash uchun roʻyxatda alternativ dori vositalari ham mavjud — atezolizumab va semiplimab.
Qandli diabet va semizlik zamonaviy dunyoda sogʻliqni saqlash sohasidagi eng dolzarb muammolardan hisoblanadi. 2022-yilda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 800 million nafardan oshdi, shularning yarmi yetarli darajada davolanmagan. Shu bilan birga, dunyo boʻylab bir milliarddan ortiq odam semizlikdan aziyat chekmoqda. Qandli diabet va semizlik bir-biri bilan chambarchas bogʻliq boʻlib, ular yurak-qon tomir kasalliklari va buyrak yetishmovchiligi kabi jiddiy muammolarga olib kelishi mumkin.
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining ekspertlar qoʻmitasi 2-tur qandli diabetni davolashda glyukagonga oʻxshash peptid-1 (GPP-1) retseptorlarining agonistlari deb nomlanuvchi dori vositalar guruhidan foydalanishning afzalliklarini isbotlovchi ilmiy dalillarni tahlil qildi. Ayniqsa, yurak-qon tomir yoki buyrak bilan bogʻliq xastaliklar mavjud boʻlgan hollarda ushbu dori vositalari: qondagi shakar miqdorini yaxshiroq nazorat qilishga yordam beradi, yurak va buyrak asoratlari xavfini kamaytiradi, vaznni kamaytirishga koʻmaklashadi.
Tavsiyalarni qabul qilishdan oldin Qoʻmita jami 59 ta arizani koʻrib chiqdi va har bir dori vositasining samaradorligi hamda xavfsizligi boʻyicha mavjud ilmiy dalillarni tahlil qildi.
Taʼlim, fan, tibbiyot va farmatsevtika sohalaridagi taniqli mutaxassislardan iborat ekspert komissiyasi har ikki yilda bir marta sogʻliqni saqlashning yangi muammolarini hisobga olgan holda, samaradorligi yuqori dori vositalarini roʻyxatga kiritish choralarini koʻrib boradi.