Yangiliklar

not found

Dunyoda vabo tarqalish xavfi juda yuqori baholanmoqda

Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti (JSST) vabo tarqalishining global xavfini juda yuqori deb hisoblamoqda va butun dunyo mamlakatlarida o`lim darajasini kamaytirish hamda kasallik tarqalishini jilovlash uchun shoshilinch choralar ko`rmoqda. Bu haqda BMT Axborot xizmati xabar berdi.  JSST ma`lumotlariga ko`ra, ushbu kasallikka chalinayotganlarning ham, undan vafot etayotganlarning ham soni ortib bormoqda. 2024 yilda qayd etilgan vabo bilan kasallanish holatlari soni 2023 yilga nisbatan 5 foizga ko`paygan, o`limlar esa 50 foizga oshgan. 6 mingdan ortiq odam oldini olish va davolash mumkin bo`lgan ushbu kasallikdan vafot etgan. 2024 yilda vabo 60 mamlakatda qayd etilgan bo`lsa, 2023 yilda bu ko`rsatkich 45 ta edi. Dastlabki ma`lumotlar 2025 yilda ham global vabo inqirozi davom etayotganini ko`rsatmoqda: yil boshidan buyon 31 mamlakatda kasallik tarqalishi haqida xabar berilgan. Vabo eng ko`p Afrika, Osiyo va Yaqin Sharqda tarqalgan. “Mojorolar, iqlim o`zgarishi, aholining ko`chishi va toza suv hamda gigiena vositalarining doimiy tanqisligi vabo kasalligining o`sishiga sabab bo`ldi. Vibrio cholerae bakteriyasi qo`zg`atadigan bu kasallik iflos suv orqali yuqadi”, deyiladi xabarda. Vaboga qarshi kurashish uchun hukumatlar, donorlar va mahalliy hamjamiyatlar aholiga xavfsiz suv va gigiena vositalarini ta`minlashi, o`zini  asrash bo`yicha aniq ma`lumot berishi, zarur davolash choralarini qisqa muddatda ko`rsatishi va kasallik tarqalgan taqdirda aholi orasida emlash o`tkazishi zarur. Samarali epidemiologik nazorat va diagnostika bunday choralarni amalga oshirishga yordam beradi. Shuningdek, vaksina ishlab chiqarishga qo`shimcha investisiyalar talab etiladi. Qayd etilishicha, vabo uchun mo`ljallangan yangi innovasion vaksina (OCV) Euvichol-S® 2024 yil boshida oldindan tasdiqdan o`tgan. Biroq 2024 va 2025 yillarda vaksina etkazib berish sur`ati ehtiyoj darajasidan ortda qolmoqda.

  • 15 Sentyabr, 13:30
  • Batafsil
not found

Yana bir qalbaki dori vositalari bilan bogʻliq holat aniqlandi

Yurtimizda sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini o‘tkazish maqsadida olish, saqlash va tashish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish qonun bilan ta’qiqlangan. Lekin, shunga qaramay jamiyatda qonunni mensimasdan o‘z qabih rejasini bajarishga urinayotgan, bu bilan insonlar salomatligiga putur yetkazishni o‘ylab ko‘rmaydigan kimsalar ham uchrayotganligi achinarli.  Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida salbiy holatlarni bartaraf etishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.  Unda “Lucky biznes farm” MCHJ rahbari A.N. dori vositalarini realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma olmagan holda, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Toshkent mahallasida joylashgan “Usmo-pharm” MCHJga qarashli omborxonada kelib chiqish manbai noma’lum, sifat sertifikati bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilarni sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlandi.  Buning natijasida, ombordan tegishli hujjatlari yo‘q 963 ming 15 dona, 1 milliard 273 million 300 ming so‘mni tashkil etgan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olinib, vaqtincha saqlash uchun “Namangan dori darmon” aksiyadorlik jamiyati maxsus omborxonasiga topshirilgan.  Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasida qayd etilishicha, jamiyat maxsus ruxsatnomasiz va muddati o‘tgan dori vositalari realizatsiyasi bilan shug‘ullangan 63 turdagi dori vositalarining yaroqlilik muddati o‘tgan, saqlash sharoitiga amal qilinmagan, ikki turdagisining muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan, to‘qqiz turdagi dorilar esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.  Hozirda, A.N.ning ushbu noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 186 (prim 3) - moddasi, 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda. 

  • 12 Sentyabr, 15:20
  • Batafsil
not found

Barcha tibbiyot tashkilotlarida bemorlarga dori vositalari xalqaro patentlanmagan nomi boʼyicha elektron retsept asosida tayinlanadi

“Sog‘liqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Hukumat qarori (570-son) qabul qilindi. Qarorga ko‘ra, 2025 yil 10 dekabrdan boshlab: — Toshkent shahri hamda Prezidentning PF-88-son Farmoniga muvofiq tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan 15 ta tuman (shahar)dagi barcha tibbiyot tashkilotlarida dori vositalarini bemorlarga tayinlashda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha (agar mavjud bo‘lsa) elektron retsept rasmiylashtiriladi (alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalar, tarkibida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalar saqlovchi dori vositalari hamda reimbursatsiya dasturi bilan bog‘liq jarayonlar bundan mustasno); — bemorlarga tayinlangan dori vositalari to‘g‘risidagi ma’lumot (xalqaro patentlanmagan yoki original dori nomi, kunlik dozasi, qabul qilish yoki yuborish usuli, miqdori, davomiyligi) elektron retseptga bevosita shifokor tomonidan kiritiladi hamda elektron tasdiqlash usullari orqali tasdiqlanadi; — tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarning mavjud axborot tizimlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining Raqamli sog‘liqni saqlash platformasiga va axborot tizimiga ulash yoki ularning so‘roviga asosan ularda vazirlikning "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimi modullari bepul o‘rnatiladi; — tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlari Sog‘liqni saqlash vazirligining "Elektron sog‘liqni saqlash" axborot tizimiga ulanish uchun zarur moddiy-texnik bazaga, barqaror Internet va elektr tarmog‘iga ega bo‘lishlari shart.

  • 12 Sentyabr, 09:30
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech