09:04 (08.01.2026)
113
Qish faslida shamollash, quloq va burun yon bo‘shliqlari bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payishi kuzatiladi. Mutaxassislar bu holatni faqat sovuq ob-havo bilan emas, kundalik hayotda odatga aylangan ayrim noto‘g‘ri xatti-harakatlar bilan ham izohlaydi. Shulardan biri boshni yuvib, soch va bosh terisi to‘liq qurimasidan tashqariga chiqishdir.
Sovuq va namlik birgalikda organizm uchun ikki karra stress hisoblanadi. Nam soch sovuq havoda issiqlikni tez yo‘qotadi, natijada bosh terisidagi qon tomirlari keskin torayib, qon aylanishi vaqtincha buzilishi mumkin. Bu holat bosh og‘rig‘i, ensa va bo‘yin sohasida og‘riq, umumiy holsizlik kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi. Shamolli ob-havoda bu ta’sir yanada kuchayadi.
Ko‘pchilik shamollashni faqat tomoq yoki burun bilan bog‘laydi. Aslida esa nam bosh bilan sovuq havoga chiqish quloq yallig‘lanishi (otit), sinusit, burun bitishi va yuz sohasida og‘riq paydo bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
Qishki sovuq soch va bosh terisi holatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Nam soch sovuqda mo‘rtlashib, tez sinuvchan bo‘ladi, uchlari ajraladi. Bosh terisi qurib, qichishish va keyepek kuchayishi mumkin. Bu jarayonlar uzoq davom etsa, soch to‘kilishi ham ortishi ehtimoldan xoli emas. Dermatologlar bunday holatlarni mavsumiy soch muammolarining asosiy omillaridan biri sifatida qayd etadi.
Nam soch meningitga sabab bo‘ladimi?
Odamlar orasida nam soch bilan sovuq havoga chiqish meningitga olib keladi, degan tushuncha keng tarqalgan. Aslida meningit miya va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, u sovuq yoki namlik ta’sirida emas, asosan viruslar, bakteriyalar va kam hollarda zamburug‘lar sabab yuzaga keladi. Shu bois nam soch bilan sovuq havoga chiqish meningitni bevosita keltirib chiqaradi, degan fikr ilmiy jihatdan noto‘g‘ri.
Biroq nam soch bilan sovuq havoda yurish quloq va sinus infeksiyalariga olib kelishi mumkin. Agar bu infeksiyalar o‘z vaqtida davolanmasa, immunitet past bo‘lsa yoki kasallik og‘ir bakteriyali shaklda kechsa, juda kam hollarda infeksiya kuchayib, turli asoratlar kuzatilishi mumkin. Tibbiy amaliyotda quloq yoki sinus infeksiyalarining miya pardalariga tarqalib, meningitga sabab bo‘lgan holatlar uchraydi. Bunday vaziyatlarga asosiy sabab nam soch emas, davolanmagan infeksiya hisoblanadi.
Shu sababli, shifokorlar sovuq mavsumda boshni yuvgandan so‘ng uni to‘liq quritishni tavsiya qiladi. Bu maslahat meningitdan qo‘rqitish uchun emas, quloq, burun va bosh sohasida infeksiyalar rivojlanishining oldini olishga qaratilgan. Oddiy ehtiyot choralariga amal qilish, yani sochni yuvgandan so‘ng darhol ko‘chaga chiqmaslik, sovuqda bosh kiyim kiyish va shamollash alomatlari paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish jiddiy asoratlar xavfini sezilarli darajada kamaytiradi.