15:20 (13.01.2026)

103

Dori vositalari va tibbiy jihozlar tanqisligi sharoitida ularni tezkor ta’minlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Aholini hayotiy zarur dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 5-yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat berish tartibi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3749-son 09.01.2026)

Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, favqulodda holatlarda, global logistika uzilishlari yoki ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlar sabab muhim dori vositalari va tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelganda tibbiy yordamning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan.

Yangi nizomga ko‘ra, respublikada vaqtinchalik tanqislik aniqlangan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bir necha mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud zaxiralarni tibbiyot muassasalari o‘rtasida qayta taqsimlash, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, biroq majburiy sertifikatlashdan o‘tgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni tezkor import qilish imkoniyati yaratiladi.

Hujjatda tanqislikni aniqlash, uni baholash va bartaraf etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh faoliyati aniq belgilangan. Mazkur guruh tomonidan dori vositasi yoki tibbiy jihozning klinik ahamiyati, aholi qamrovi, muqobil vositalarning mavjudligi, yetkazib berish muddati va zarur minimal hajmlar asosida qarorlar qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilinishi tartibi joriy etildi.

Shu bilan birga, nizomda import qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati ustidan qat’iy nazorat saqlanib qoladi. Ular majburiy sertifikatlanadi, raqamli markirovkalash talablariga rioya etiladi hamda narx shakllanishida ijtimoiy himoya mexanizmlari qo‘llanadi. Xususan, tanqislik sharoitida olib kirilgan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalaridan ortiq narx qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi.

Yangi tartib ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, shoshilinch va intensiv tibbiy yordam, ona va bola salomatligi, onkologiya, yurak-qon tomir hamda hayot uchun muhim bo‘lgan uzluksiz davolash talab etiladigan yo‘nalishlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar ta’minotida uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi.

Mazkur hujjatning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash tizimida tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirib, aholining zarur tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech