15:44 (14.01.2026)
107
Avstraliyalik tadqiqotchilar bel sohasidagi og‘riqni yengish uchun eng samarali usullar qimmat davolanish yoki dori-darmonlarni talab qilmasligini aniqladi. Bunday xulosaga Sidney universiteti jamoasining tadqiqot natijalari Arthritis Care & Research jurnalida e’lon qilindi.
Olimlar bir yil davomida surunkali bel og‘rig‘iga ega bo‘lgan insonlarni kuzatib, turmush tarzi bilan tibbiy yordamga ketadigan xarajatlarni tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha:
- chekishdan voz kechish,
- o‘rtacha jismoniy faollik,
- sifatli uyqu va
- sog‘lom vaznni saqlash dori-darmonlarga ehtiyojning kamaytirib, davolanishga ketadigan umumiy xarajatlarni o‘rtacha 23 foizga kamaytirgan.
Ayniqsa, uyqu eng sezilarli omil sifatida namoyon bo‘ldi: tunda miriqib dam olgan ishtirokchilar shifokor qabuli, fizioterapiya va og‘riq qoldiruvchi dorilarga bir yilda ming dollargacha kamroq mablag‘ sarflagan. Shuningdek, tadqiqotchilar ayollar erkaklarga nisbatan bel og‘rig‘iga o‘rtacha 76 foizga ko‘proq xarajat qilishini aniqladi. Bu holat muammoning ayollar orasida kengroq tarqalganini hamda sog‘liqqa ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini anglatadi.
Mualliflar ta’kidlashicha, bel og‘rig‘ida har doim ham keskin choralar yoki tabletkalar talab etilmaydi. Kichik va amalga oshirsa bo‘ladigan o‘zgarishlar — ko‘proq harakat qilish, chekishdan voz kechish va uyquga e’tibor qaratish — nafaqat ahvolni yengillashtiradi, balki davolanish bilan bog‘liq moliyaviy yukni ham sezilarli darajada kamaytiradi.