Yangiliklar

not found

Tadqiqot: qaysi yoshda semirish juda xavfli

Yirik tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, semirishning eng xavfli davri — bu erta yosh, ya’ni 17–29 yosh oralig‘idir. Aynan shu davrda ortiqcha vazn to‘planishi kelajakdagi salomatlikka eng katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi. eClinicalMedicine jurnalida e’lon qilingan tadqiqot mualliflari 620 ming nafar aholi (258 269 erkak va 361 784 ayol) vaznini 17 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan davrda kamida uch marta o‘lchagan. Ta’kidlanishicha, erkaklarda vazn odatda yoshlikda tezroq oshadi, ayollarda esa butun hayot davomida bosqichma-bosqich ko‘payib boradi. Yoshlikda vazn ortishi ham mushak, ham yog‘ massasi hisobiga bo‘lsa, keyingi yoshlarda asosan yog‘ to‘planishi kuzatiladi. Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, agar semirish yoshlikda boshlansa va vazn tez oshsa, erta o‘lim xavfi taxminan 70% gacha ortadi. Eng kuchli bog‘liqlik sabablari orasida 2-toifa qandli diabet, gipertoniya, jigar saratoni (erkaklarda) va bachadon saratoni holatlarida qayd etilgan. Barcha sabablar bo‘yicha erta o‘lim xavfi semirish 30–44 yosh oralig‘ida aniqlanganlarda 57% ga yuqori bo‘lgan. 45–60 yoshda tana massa indeksi 30 dan oshgan shaxslarda esa bu ko‘rsatkich 29% ni tashkil etgan. 17–29 yosh oralig‘ida semirish tashxisi qo‘yilgan erkaklarda 2-toifa qandli diabetdan vafot etish ehtimoli semirmagan erkaklarga nisbatan taxminan 2,1 barobar yuqori bo‘lgan. Erta yoshda, ya’ni 29 yoshgacha ortiqcha vazn to‘plagan ayollarda esa ushbu kasallikdan o‘lim xavfi 2,2 barobar yuqori ekani aniqlangan. Shuningdek, inson qanchalik tez vazn to‘plasa, xavf shunchalik ortishi qayd etilgan. Yurak-qon tomir kasalliklari bilan bog‘liq holatlarda ham kuchli bog‘liqlik kuzatilgan: yosh erkaklarda semirish bo‘lsa yurak-qon tomir kasalliklaridan vafot etish xavfi ortiqcha vazn to‘plamaganlarga nisbatan 2 barobar yuqori bo‘lgan. Ayollarda esa bu xavf biroz yuqoriroq — taxminan 2,2 barobarni tashkil etgan. Shuningdek, vazn ortishi turli onkologik kasalliklar bilan ham bog‘liq bo‘lib, ayollarda bu xavf barcha yoshlarda saqlanib qoladi. Kechroq yoshda ham semirish xavfsiz emas: 30–44 yoshda aniqlangan semirish erta o‘lim xavfini 57% ga, 45–60 yoshda esa 29% ga oshiradi. Ayniqsa ayollarda menopauzadan keyin yog‘ to‘qimasi gormonlar manbaiga aylanib, saraton rivojlanishiga ta’sir qilishi mumkin.

  • 22 Aprel, 09:10
  • Batafsil
not found

Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston yoshlari – 2030” strategiyasi loyihasi yuzasidan taqdimot bilan tanishdi. Bu mamlakatimizda yoshlarga oid qabul qilinayotgan birinchi yaxlit strategiya boʻlib, Yangi Oʻzbekistonni barpo etishda yoshlarning oʻrni va salohiyatini yanada toʻliq roʻyobga chiqarishga qaratilgan. Bugungi kunda yurtimiz aholisi 38 million nafarni tashkil etayotgan boʻlsa, shundan 9,5 millioni yoki qariyb 25 foizi 14-30 yoshdagi yigit-qizlardir. Har yili 270 mingta yosh oila shakllanmoqda. Ana shu demografik omil yoshlar siyosatiga uzoq muddatli va tizimli yondashuvni talab etmoqda. Strategiyada yoshlar bandligini taʼminlash va tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash, sifatli va inklyuziv taʼlimni rivojlantirish, xorijiy tillarni ommalashtirish va kasbiy taʼlimni kengaytirish, mehnat bozorini ragʻbatlantirish hamda yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash, madaniy, jismoniy va maʼrifiy rivojlanishni kuchaytirish, volontyorlik harakatini keng yoyish, yoshlar salomatligini mustahkamlash, shuningdek, ochiqlik va ishtirok mexanizmlarini kengaytirish kabi ustuvor yoʻnalishlar belgilangan. Taqdimotda 2030-yilga qadar erishilishi lozim boʻlgan asosiy maqsadli koʻrsatkichlar koʻrib chiqildi. Xususan, har yili 600 ming nafar yoshning bandligini taʼminlash, 2030-yilga qadar 900 ming yoshni volontyorlikka jalb etish, oʻquv markazlari sonini 90 mingtaga yetkazish, 450 ming nafar yoshning xorijiy tillar boʻyicha bilimini B2 darajasiga olib chiqish, yoshlar jinoyatchiligini kamaytirish, har yili kamida 10 mingta yosh oilani ipoteka orqali qoʻllab-quvvatlash kabi vazifalar nazarda tutilgan. Taʼlim sohasida yoshlarning sifatli bilim olishi, nodavlat taʼlim xizmatlarini qoʻllab-quvvatlash, chekka hududlarda oʻquv markazlari imkoniyatlarini kengaytirish, xorijiy tillarni oʻrganishni ragʻbatlantirish boʻyicha yangi imtiyozlar nazarda tutilgan. Jumladan, olis va chekka hududlarda oʻquv markazlarini tashkil etishga 300 million soʻmgacha ssuda ajratish, ular uchun ijtimoiy soliqni va oʻqituvchilarining daromad soligʻini 1 foiz etib belgilash taklif etildi. Shuningdek, B2 darajaga erishgan yoshlar uchun xorijiy pasport rasmiylashtirish uchun bojni, C1 daraja va tadbirkorlik tashabbuslari uchun ayrim davlat xizmatlari toʻlovlarini 50 foizgacha kamaytirish taklif qilinmoqda. Strategiyada yosh oilalarni qoʻllab-quvvatlash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Ipoteka dasturi orqali kreditning Markaziy bank stavkasi yuqori qismi qoplab berilishi, shu tariqa uy-joy masalasida yosh oilalarga qoʻshimcha yengillik yaratilishi belgilanmoqda. Ijtimoiy faollikni oshirish maqsadida volontyorlik jamgʻarmasidan 100 million soʻmgacha grantlar ajratish, faol yoshlarni davlat tashkilotlarida pullik amaliyotga jalb qilish, ilgʻor ijodkorlar uchun Prezident mukofotini joriy etish, shuningdek, kitob va Book-kafelar joylashgan “Yoshlar koʻchalari”ni tashkil qilish rejalashtirilgan. Yoshlar infratuzilmasining minimal standartlari belgilanadi, har bir hududdan “yoshlar tuman-shaharlari” tanlab olinib, ushbu standartlarni joriy etish boʻyicha namuna yaratiladi. Yoshlar salomatligini mustahkamlash, ruhiy xavf omillarini qisqartirish, psixologik koʻmak tizimini kuchaytirish masalalari ham strategiyada oʻz aksini topgan. Xususan, ruhiy xavf guruhiga kiruvchi yoshlar ulushini 40 foizga kamaytirish, tun-u kun ishlaydigan psixologik aloqa markazini tashkil etish, sport bilan shugʻullanuvchi yoshlar ulushini 25 foizga oshirish nazarda tutilmoqda. Yoshlar siyosatida ochiq muloqot va obyektiv tahlil tizimini kuchaytirish maqsadida Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti tomonidan yoshlarning ehtiyojlari va kutilmalari yuzasidan ijtimoiy soʻrovlar oʻtkazilib, Milliy yoshlar indeksi tuziladi. Yigit-qizlarning murojaatlari bilan ishlashga ustuvor ahamiyat qaratiladi. Har payshanba yoshlar bilan muloqotlar oʻtkazib boriladi. Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish ham strategiyaning muhim yoʻnalishlaridan biri etib belgilangan. Shu maqsadda xalqaro forumlar, global tashabbuslar, avlodlar muloqoti, Xalqaro yoshlar kongressi kabi formatlar yoʻlga qoʻyilishi, 12-avgust – Xalqaro yoshlar kuni doirasida yirik tadbirlar oʻtkazilishi, 100 ming nafar oʻzbekistonlik yoshlarning xalqaro dasturlarda ishtirokini taʼminlash rejalashtirilgan. Shuningdek, BMT, Jahon banki, YTTB kabi tuzilmalar bilan “Junior Professional Officer” dasturi doirasida xalqaro tashkilotlarda amaliyotni tashkil etish koʻzda tutilgan. Strategiyani 2026-2027-yillarda amalga oshirish doirasida 7 ta yoʻnalish boʻyicha 56 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, “Yangi avlod tadbirkorlari” dasturida Garvard, Stenford, MIT, London biznes maktabi kabi nufuzli taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda 20 ming yoshni oʻqitish, 1 mingta biznes loyihasini saralab olish va ularga 3 yilgacha muddatga bazaviy hisoblash miqdorining 500 baravarigacha ssuda berish rejalashtirilgan. Yosh tadbirkorlarga muhandislik tarmoqlariga ulanish xarajatlarini qisman qoplash tartibi ham joriy etiladi. Respublika boʻyicha “Oʻzbekiston yoshlarni sevadi!” loyihasi, “Hayot fest” yoshlar festivali, “Talaba Fest” va “Talaba Expo 2026” kabi tadbirlar oʻtkaziladi, Robototexnika assotsiatsiyasining faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi. Davlatimiz rahbari yoshlar masalasiga doir barcha tashabbus va choralar, eng avvalo, yosh avlodning bilimli, sogʻlom, tashabbuskor va vatanparvar boʻlib kamol topishiga, ularning hayotda munosib oʻrin egallashiga xizmat qilishi zarurligini taʼkidladi. Strategiyani samarali amalga oshirish boʻyicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

  • 21 Aprel, 08:58
  • Batafsil
not found

Tashabbus: GxP tekshiruvlarida yangi yoʻnalish

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining anjumanlar zalida, kompaniyaning farmatsevtlari bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi, Inson resurslarini boshqarish boʻlimi boshligʻi Xabib Aziza Abdulboriy qizi va Sertifikatsiya boʻlimi yetakchi mutaxassisi tibbiyot fanlari nomzodi Tursunova Malika Rabbimqul qizi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonning bir asrlik tarixga ega boʻlgan otaxon kompaniyasi tajribali farmatsevtlarini Markaz tomonidan GxP tekshiruv jarayonlariga jalb qilish, shuningdek, GxP tizimning ahamiyati va talablari haqida tushuncha berishdan iborat boʻldi. Mutaxassislar GxP standartlarining farmatsevtika sohasida tutgan oʻrni, dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini taʼminlashdagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berdilar. GxP talablariga rioya qilish — bu nafaqat xalqaro standartlarga moslashish, balki aholiga yetkazilayotgan dori vositalarining sifatini va ishonchliligini kafolatlash demakdir. Shuningdek, GxP tizimini joriy etish har bir kompaniyaning faoliyati samaradorligini oshirishga, nazorat tizimini mustahkamlash va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qilishi  taʼkidlandi. Markaz mutaxassislari tomonidan “Dori-Darmon” kompaniyasi farmatsevtlarini GxP tekshiruvlariga jalb etish tashabbusi bejiz emasligi, kompaniya tizimida ish jarayonlari samarali va toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, farmatsevtlarning xalqaro standartlar, xususan GDP (yaxshi distribyutorlik amaliyoti) va GPP (yaxshi dorixona amaliyoti) talablarini chuqur bilishi amalda oʻz isbotini topganligi qayd etildi.  Xususan, kompaniya tarkibidagi dorixonalar tomonidan GPP sertifikatini olish jarayonida farmatsevtlarning bilim va koʻnikmalari, ish yuritishdagi aniqlik va masʼuliyati yuqori darajada ekanligi taʼkidlab oʻtildi. Farmatsevtlarni GxP tekshiruvlariga jalb etish orqali sohadagi ilgʻor tajribani keng joriy etish, tekshiruvlar samaradorligini oshirish hamda farmatsevtika tarmogʻida yagona standartlar ijrosini taʼminlash,  qolaversa kompaniya farmatsevtlari bilimini yanada oshirish maqsad qilingan. Qizgʻin suhbatlarga boy boʻlgan ushbu uchrashuv yakunida “Zarur amaliyotlar markazi” mutaxassislari kompaniya farmatsevtlari tomonidan berilgan savollarga asosli va toʻliq javoblar berishdi, shuningdek uchrashuv qatnashchilari kelgusida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va farmatsevtika sohasidagi standartlar talablari ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻzaro kelishib oldilar.

  • 17 Aprel, 11:12
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech