12:00 (22.01.2026)
400
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizovning ma’lum qilishicha, bugungi kunga qadar Toshkent shahri va 15 ta tajriba tuman va shaharlarida 400 mingdan ortiq elektron retseptlar berilgan bo‘lsa-da, dorixonalarda ularning har sakkizinchisi sotilmoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davlat tibbiyot muassasalarida 387 002 ta, xususiy klinikalarda 25 393 ta elektron retsept berilgan. Shu bilan birga, dorixonalarda ushbu davrda elektron retsept bo‘yicha atigi 54 770 ta dori sotilgan.
Bu borada prokuratura organlari bilan hamkorlikda nazorat kuchaytiriladi. Dorixonalar haqiqatan ham elektron retseptlar bilan ishlayotganini va qonunchilik normalariga rioya qilayotganini tekshirish rejalashtirilgan.
Shuningdek, Soliq qo‘mitasi bilan birgalikda faqat elektron retseptlar bo‘yicha sotilishi lozim bo‘lgan gormonal, antibakterial preparatlar, shu jumladan antibiotiklar realizatsiyasi ustidan nazorat o‘rnatiladi.
Huquqbuzarliklar aniqlangan taqdirda, xodimlarni qo‘shimcha o‘qitishdan tortib javobgarlikni kuchaytirishgacha bo‘lgan tegishli choralar ko‘riladi.
"2026 yil oxiriga qadar elektron retseptlar tizimi O‘zbekistonning barcha hududlarida joriy etilishi kerak," - deya qo‘shimcha qildi Abdulla Azizov.