08:56 (16.01.2026)

59

Sogʻliqka zararli ichimliklarning arzonlashishi yuqumli boʻlmagan kasalliklar va jarohatlarning koʻpayishiga olib keladi-JSST

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti eʼlon qilgan yangi hisobotlarda qayd etilishicha, koʻplab mamlakatlarda tarkibida shakar saqlovchi ichimliklar va alkogol mahsulotlariga doimiy past soliqlar ularni arzonlashtiradi, natijada semirish, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari, saraton va jarohatlar koʻpayishiga xizmat qiladi.

JSST maʼlumotlariga koʻra, alkogol mahsulotlari va tarkibida qoʻshimcha shakar boʻlgan ichimliklarga soliq solish isteʼmolni qisqartirishning eng samarali vositalaridan biri hisoblanadi. Chunki narxlarning oshishi alkogol va shakar isteʼmolini kamaytirishi, kechiktirishi yoki hatto butunlay oldini olishi mumkin.

“Tamakӣ mahsulotlari, shakarli ichimliklar va alkogol kabi tovarlarga soliqlarni oshirish orqali hukumatlar zararli isteʼmolni kamaytirishi va sogʻliqni saqlash sohasidagi hayotiy muhim xizmatlar uchun qoʻshimcha moliyaviy resurslarni shakllantirishi mumkin”,-dedi JSST Bosh direktori Tedros Adxanom Gebreyesus.

Ushbu hisobotlar Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining mamlakatlarga qaratilgan yangi tashabbusi doirasida eʼlon qilindi. Mazkur tashabbusning maqsadi 2035-yilga qadar tamakӣ mahsulotlari, alkogol va shakar saqlovchi ichimliklarning real narxlarini oshirish uchun soliq tizimlarini kuchaytirish va qayta koʻrib chiqishdan iborat.

Xulosalar 2024-yilda 150 dan ortiq mamlakatda pivo, kuchli alkogol ichimliklari hamda tarkibida qoʻshimcha shakar boʻlgan ichimliklar narxlari va soliq stavkalari tahliliga, shuningdek, taxminan 180 mamlakatdagi soliq siyosatini koʻrib chiqish natijalariga asoslangan. Shuningdek, JSST 2024-yil maʼlumotlarini 2022-yil koʻrsatkichlari bilan solishtirib, oʻzgarishlar dinamikasini tahlil qilgan.

Alkogol isteʼmoli dunyo boʻylab 200 dan ortiq sogʻliq muammolari uchun asosiy xavf omili hisoblanadi. Ular qatoriga onkologik kasalliklar, shuningdek, depressiya, xotira buzilishlari va alkogol isteʼmoli bilan bogʻliq boshqa koʻplab xulq-atvor muammolari kiradi. JSST maʼlumotlariga koʻra, har yili alkogol bilan bogʻliq kasalliklar oqibatida 2,6 milliondan ortiq kishi vafot etadi.

JSST aniqlashicha, 2022-yildan buyon pivo va kuchli alkogol ichimliklari yo arzonlashgan, yoki avvalgi narx darajasida qolgan. Buning asosiy sababi soliq stavkalarining inflyatsiyaga mos ravishda muntazam ravishda yangilanmasligidir.

Shakar qoʻshilgan ichimliklar, jumladan gazli ichimliklar va meva sharbatlari, semirish, tish kariyeci hamda qator surunkali kasalliklar — jumladan saraton, qandli diabet va yurak-qon tomir muammolari xavfini oshiradi.

Garchi 116 ta mamlakatda shakarli ichimliklarning ayrim turlariga, jumladan gazli va energetik ichimliklarga soliq solinsa-da, aksariyat davlatlar tarkibida shakar miqdori yuqori boʻlgan boshqa mahsulotlar — xususan, meva sharbatlari, shirin sutli ichimliklar, shuningdek tayyor qahva va choy ichimliklarini soliqqa tortmaydi.

Shakarli ichimliklarga soliq joriy etilgan 116 mamlakatdan faqat 10 tasi ushbu soliqlardan tushgan mablagʻlarni maqsadli ravishda sogʻliqni saqlash sohasidagi dasturlarga yoʻnaltiradi.

JSST mamlakatlarni:

- alkogol va shakarli ichimliklarga soliq stavkalarini inflyatsiyaga mos ravishda oshirishga,
- soliqni qoʻshimcha shakar va alkogol miqdoriga bogʻlashga,
- soliq tushumlarini profilaktika, davolash va sogʻliqni saqlash tizimini mustahkamlashga yoʻnaltirishga,
- 2035-yilga qadar ushbu mahsulotlarning real narxini sezilarli darajada oshirishga chaqirmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech