Yangiliklar

not found

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan "Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qo'yiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaror (ro'yxat raqami: 3736, 27.12.2025-y.) davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur hujjat bilan yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta'sirga ega yirik tijorat tashkilotlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) muvofiq taqdim etish talabi yengillashtirildi. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar sifatida quyidagilar belgilanmoqda: - Aksiyalari ommaviy savdolarga chiqariladigan tashkilotlar; - Tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, to'lov tizimi operatorlari, to'lov tashkilotlari; - Investitsiya fondlari; - Birjalar; - Aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravaridan ortiq hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizasiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda BHMning 1 mln baravaridan ortiq bo'lgan davlat ishtirokidagi korxonalar; - Oxirgi 2 yil davomida hisobot yili yakunlariga ko'ra: ▪️ aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravari va undan ortiq; ▪️ yillik sof tushumi BHMning 1 mln baravari va undan ortiq; ▪️ xodimlarining o'rtacha yillik soni 500 nafardan kam bo'lmagan tashkilotlar. Endilikda, yuqoridagi mezonlarga tushadigan tashkilotlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi. Mazkur Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritiladi hamda har yili 1-iyulga qadar Hukumat portali yagona platformasi hamda Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilinadi.

  • 6 Yanvar, 12:20
  • Batafsil
not found

Retsept boʻyicha beriladigan dorilarning referent narxlari qanday hisoblanadi

Sogʻliqni saqlash vazirining buyrugʻi (25.12.2025-y. AV roʻyxat raqami 3735-son) bilan Referent narx shakllantirish tizimi doirasida retsept bilan beriladigan dori vositalari narxlarini qayd etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi.  Hujjat Oʻzbekiston hududida tibbiyot amaliyotida qoʻllashga ruxsat etilgan va davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati davomida ishlab chiqarilgan retsept boʻyicha beriladigan dori vositalariga tatbiq etiladi. U kam uchraydigan kasalliklarni davolash uchun moʻljallangan dori moddalari, orfan preparatlarga nisbatan qoʻllanilmaydi.  Referent narxlarni roʻyxatdan oʻtkazish va qayta roʻyxatdan oʻtkazish jarayoni maxsus avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali amalga oshiriladi. Vakolatli organ etib Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi belgilandi, u hisobga olingan referent narxlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni xronologik tartibda oʻz rasmiy veb-saytiga joylashtirib boradi.  Nizomda ariza berish va tekshirish muddatlari nazarda tutilgan, xususan, ariza kelib tushgan vaqtdan boshlab ishchi organ ikki ish kuni ichida maʼlumotlarni tekshiradi, zarur hollarda ariza beruvchiga kamchiliklar bartaraf etilganligi toʻgʻrisida xabarnoma yuboriladi.  Axborot tizimi import qilinadigan retsept boʻyicha dori vositalari narxlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oladi va quyidagilarni avtomatik ravishda hisoblab chiqadi: referent mamlakatlardagi narxlarning umumlashtirilgan oʻrtacha qiymati; retsept boʻyicha dori vositalari ishlab chiqarilgan mamlakatda belgilangan bazaviy narxga nisbatan dori vositasi narxining 15 foizidan koʻp boʻlmagan miqdordagi sugʻurta va transport xarajatlari qiymati; Bojxona qoʻmitasi tomonidan Inkoterms CIP sharti asosida taqdim etilgan import qilinadigan retsept boʻyicha dori vositalari narxlarining soʻnggi 12 oydagi oʻrtacha qiymati.  Shundan soʻng, axborot tizimi ariza beruvchining tanloviga koʻra hisoblangan qiymatlarning eng past qiymatini MB tomonidan ariza berilgan kundagi valyutalarning rasmiy kursi asosida AQSH dollari, yevro yoki Rossiya rublida referent narxlar sifatida qabul qilishni tavsiya etadi. Referent narxni shakllantirish tizimi – taʼsir etuvchi moddasi bir xil boʻlgan dori vositalarini ishlab chiqaruvchi mamlakatlarda va referent mamlakatlarda, "Pharmaceutical Inspection Co-operation Scheme" (PIC/S) xalqaro tashkilotiga aʼzo boʻlgan mamlakatlarda va Oʻzbekiston Respublikasida dori vositasining shakli, qadoqdagi miqdori, dozasi, konsentratsiyasi, oʻlchami va qadogʻini hisobga olgan holda har bir savdo nomi uchun referent narxlarni tahlil qilish natijalari asosida hisobga olish tizimi.

  • 30 Dekabr, 11:30
  • Batafsil
not found

Yaponiya O‘zbekistondagi qon xizmatlari modernizatsiyasi uchun 2,3 mln dollar ajratadi

Yaponiya Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi doirasida O‘zbekistonga 14 ta qon markazi va uchta qon quyish stansiyasi uchun 2,3 mln dollarlik yangi uskunalar yetkazib beradi. Bu ixtiyoriy donorlardan tayyorlangan qon mahsulotlari ulushini oshirishi va tibbiy xizmatlar sifatini yaxshilashi kutilmoqda. 17-dekabr kuni O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov va Yaponiyaning O‘zbekistondagi muvaqqat ishlar vakili Nakamura Shinichiro 360 mln iyena (2,3 mln dollardan ortiq) qiymatidagi Iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish dasturi bo‘yicha almashinuv notalarini imzoladi. Bu haqda Yaponiya elchixonasiga tayanib Gazeta nashri ma’lum qildi. Dastur doirasida O‘zbekiston bo‘ylab 14 ta mintaqaviy qon markazlari, shuningdek, milliy klinikalardagi uchta qon quyish stansiyalari qonni saqlash va tashish uchun zamonaviy uskunalar bilan jihozlanadi. “Loyihaning amalga oshirilishi mamlakatning donor qoniga bo‘lgan ortib borayotgan ehtiyojini qondirishga va ixtiyoriy donorlik orqali olingan qondan ishlab chiqarilgan preparatlar ulushini oshirishga yordam beradi”, — deb ta’kidladi elchixona. Dastur Yaponiya hukumatining grant yordami doirasida amalga oshiriladi. Diplomatik missiya yaqinda Tokioda bo‘lib o‘tgan birinchi “Markaziy Osiyo — Yaponiya” sammitida sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmatlar hamkorlikning ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanganini ta’kidladi. “Yaponiya hukumati O‘zbekistonda yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanishni yaxshilashni davom ettirish niyatida”, — deb qo‘shimcha qildi elchixona.

  • 26 Dekabr, 09:25
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech