Yangiliklar

not found

Mutaxassislar: bel sohasidagi og‘riqni dori -darmonsiz kamaytirish mumkin

Avstraliyalik tadqiqotchilar bel sohasidagi og‘riqni yengish uchun eng samarali usullar qimmat davolanish yoki dori-darmonlarni talab qilmasligini aniqladi. Bunday xulosaga Sidney universiteti jamoasining tadqiqot natijalari Arthritis Care & Research jurnalida e’lon qilindi. Olimlar bir yil davomida surunkali bel og‘rig‘iga ega bo‘lgan insonlarni kuzatib, turmush tarzi bilan tibbiy yordamga ketadigan xarajatlarni tahlil qildi. Ma’lum bo‘lishicha: - chekishdan voz kechish, - o‘rtacha jismoniy faollik, - sifatli uyqu va - sog‘lom vaznni saqlash dori-darmonlarga ehtiyojning kamaytirib, davolanishga ketadigan umumiy xarajatlarni o‘rtacha 23 foizga kamaytirgan. Ayniqsa, uyqu eng sezilarli omil sifatida namoyon bo‘ldi: tunda miriqib dam olgan ishtirokchilar shifokor qabuli, fizioterapiya va og‘riq qoldiruvchi dorilarga bir yilda ming dollargacha kamroq mablag‘ sarflagan. Shuningdek, tadqiqotchilar ayollar erkaklarga nisbatan bel og‘rig‘iga o‘rtacha 76 foizga ko‘proq xarajat qilishini aniqladi. Bu holat muammoning ayollar orasida kengroq tarqalganini hamda sog‘liqqa ko‘proq e’tibor qaratishi kerakligini anglatadi. Mualliflar ta’kidlashicha, bel og‘rig‘ida har doim ham keskin choralar yoki tabletkalar talab etilmaydi. Kichik va amalga oshirsa bo‘ladigan o‘zgarishlar — ko‘proq harakat qilish, chekishdan voz kechish va uyquga e’tibor qaratish — nafaqat ahvolni yengillashtiradi, balki davolanish bilan bog‘liq moliyaviy yukni ham sezilarli darajada kamaytiradi.

  • 14 Yanvar, 15:44
  • Batafsil
not found

“Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga qo‘shimchalar kiritilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholiga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmiga kiradigan xizmatlarni ko‘rsatish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining kasbiy faoliyatini amalga oshirish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan ko‘rib chiqildi. Mazkur qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi va “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida qo‘shimcha xizmatlar hisoblanadigan tibbiy yordam turlari belgilanishini, shuningdek davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslar tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini olishini nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ya’ni, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida ko‘rsatiladigan tibbiy yordamning kafolatlangan hajmidan ortiqcha tibbiy xizmatlar va boshqa xizmatlar qo‘shimcha xizmatlar bo‘lib, ular pulli asosda amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda. Oilaviy shifokorning yoki tibbiyot brigadasining yo‘llanmasisiz murojaat qilgan fuqarolarga ko‘rsatiladigan tibbiy yordam ham qo‘shimcha xizmat hisoblanadi. Bundan shoshilinch va tez tibbiy yordam ko‘rsatish mustasno. Shuningdek, sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etish, tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini davlat ro‘yxatiga olishning huquqiy asoslari mustahkamlanmoqda. Xususan, tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanish huquqiga o‘ziga tibbiyot sohasida, oliy yoki kasbiy ta’lim olganlik to‘g‘risidagi diplom berilgan va davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan shaxslar ega bo‘lishi belgilanmoqda. Bunda tibbiyot sohasida oliy yoki kasbiy ta’lim to‘g‘risidagi diplom berilganda yakuniy davlat attestatsiyasining natijasiga muvofiq davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladi. Majlisda qonun loyihasining qabul qilinishi aholining yuqori sifatli tibbiy xizmat olish huquqlarini samarali ta’minlashga, sog‘liqni saqlashni boshqarishning innovatsion modelini joriy etishga, qonunchilik va malaka talablariga mos kelmaydigan shaxslarning tibbiy hamda farmatsevtik faoliyat bilan shug‘ullanishining oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi. Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.

  • 14 Yanvar, 09:37
  • Batafsil
not found

Dori vositalari va tibbiy jihozlar tanqisligi sharoitida ularni tezkor ta’minlash bo‘yicha yangi tartib joriy etildi

Aholini hayotiy zarur dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan uzluksiz ta’minlash maqsadida muhim normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirining 2026-yil 5-yanvardagi 24-son buyrug‘i bilan vaqtinchalik tanqisligi yuzaga kelgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmasdan, majburiy sertifikatlash sharti bilan tibbiyot amaliyotida qo‘llash va olib kirishga ruxsat berish tartibi tasdiqlandi hamda Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi (ro‘yxat raqami — 3749-son 09.01.2026) Mazkur hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 19-avgustdagi PF–137-son Farmoniga muvofiq ishlab chiqilgan bo‘lib, favqulodda holatlarda, global logistika uzilishlari yoki ishlab chiqarishdagi to‘xtalishlar sabab muhim dori vositalari va tibbiy jihozlar yetishmovchiligi yuzaga kelganda tibbiy yordamning uzluksizligini ta’minlashga qaratilgan. Yangi nizomga ko‘ra, respublikada vaqtinchalik tanqislik aniqlangan taqdirda dori vositalari va tibbiy jihozlar bilan ta’minlash bir necha mexanizmlar orqali amalga oshiriladi. Jumladan, mavjud zaxiralarni tibbiyot muassasalari o‘rtasida qayta taqsimlash, shuningdek, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan, biroq majburiy sertifikatlashdan o‘tgan dori vositalari va tibbiy jihozlarni tezkor import qilish imkoniyati yaratiladi. Hujjatda tanqislikni aniqlash, uni baholash va bartaraf etish bo‘yicha doimiy ishchi guruh faoliyati aniq belgilangan. Mazkur guruh tomonidan dori vositasi yoki tibbiy jihozning klinik ahamiyati, aholi qamrovi, muqobil vositalarning mavjudligi, yetkazib berish muddati va zarur minimal hajmlar asosida qarorlar qabul qilinadi. Qabul qilingan qarorlar Sog‘liqni saqlash vazirligining rasmiy veb-saytida ochiq e’lon qilinishi tartibi joriy etildi. Shu bilan birga, nizomda import qilinadigan dori vositalari va tibbiy jihozlarning sifati ustidan qat’iy nazorat saqlanib qoladi. Ular majburiy sertifikatlanadi, raqamli markirovkalash talablariga rioya etiladi hamda narx shakllanishida ijtimoiy himoya mexanizmlari qo‘llanadi. Xususan, tanqislik sharoitida olib kirilgan dori vositalariga belgilangan savdo ustamalaridan ortiq narx qo‘llashga yo‘l qo‘yilmaydi. Yangi tartib ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar, shoshilinch va intensiv tibbiy yordam, ona va bola salomatligi, onkologiya, yurak-qon tomir hamda hayot uchun muhim bo‘lgan uzluksiz davolash talab etiladigan yo‘nalishlarda dori vositalari va tibbiy jihozlar ta’minotida uzilishlarning oldini olishga xizmat qiladi. Mazkur hujjatning qabul qilinishi sog‘liqni saqlash tizimida tezkorlik, shaffoflik va mas’uliyatni kuchaytirib, aholining zarur tibbiy vositalarga bo‘lgan ehtiyojini barqaror ta’minlash yo‘lidagi muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qiladi.

  • 13 Yanvar, 15:20
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech