Yangiliklar

not found

Dunyoda antibiotiklarni retsept bilan berish qachondan boshlangan?

Antibiotiklar XX asr tibbiyotidagi eng muhim kashfiyotlardan biri hisoblanadi. Ular infeksion kasalliklardan millionlab insonlarning hayotini saqlab qoldi va zamonaviy tibbiyot taraqqiyotiga yoʻl ochdi. Biroq vaqt oʻtishi bilan antibiotiklarning nazoratsiz va asossiz qoʻllanilishi jiddiy global muammo — antibiotikka chidamlilik (rezistentlik)ni keltirib chiqardi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti antibiotikka chidamlilikni insoniyat salomatligiga tahdid solayotgan eng katta xavflardan biri sifatida baholaydi. Ana shu xavf antibiotiklarni faqat shifokor retsepti asosida berish amaliyotini joriy etishga turtki boʻldi. Biroq bu jarayon mamlakat va mintaqalarda turlicha kechdi. AQSHda antibiotiklar 1940-yillarda, ayniqsa Ikkinchi jahon urushi davrida ommaviy qoʻllanila boshladi. Ilk yillarda ularning sotilishi nisbatan erkin boʻlib, qatʼiy nazorat mexanizmlari hali shakllanmagan edi. 1951-yilda qabul qilingan Durham–Humphrey Amendment qonuni AQSH farmatsevtika tizimida burilish nuqtasi boʻldi. Ushbu hujjat dori vositalarini ikki toifaga ajratdi: faqat retsept bilan beriladigan dorilar; retseptsiz (OTC) sotiladigan dorilar. Shu paytdan boshlab antibiotiklar rasman retseptli dori vositalari sifatida belgilandi. Keyingi oʻn yilliklarda, ayniqsa 1960–1970-yillarda antibiotikka chidamlilik muammosi keskinlashgani sababli, AQSH Oziq-ovqat va dori-darmonlar boshqarmasi (FDA) nazoratni yanada kuchaytirdi. Yevropa davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish jarayoni bir vaqtda va bir xil surʼatda kechmagan. 1950–1960-yillarda Buyuk Britaniya, Germaniya va Fransiya kabi mamlakatlar antibiotiklarning erkin sotuvini cheklay boshladi. 1960–1970-yillarga kelib esa antibiotiklar deyarli barcha Yevropa mamlakatlarida toʻliq retseptli dori vositalari sifatida mustahkamlandi. Keyinchalik Yevropa Ittifoqi doirasida qabul qilingan umumiy farmatsevtik qoidalar antibiotiklarni barcha aʼzo davlatlarda faqat retsept bilan berilishini kafolatladi. Rossiyada sobiq SSSR vaqtida antibiotiklar rasmiy hujjatlarga koʻra retseptli hisoblangan. Davlatda dorilar uch toifaga boʻlingan:  Retsept bilan beriladigan dorilar: antibiotiklar, gormonal preparatlar, yurak, qon bosimi uchun dorilar.  Retseptsiz dorilar: aspirin, analgin, validol, yod, zelenka, vitaminlar.  Qatʼiy hisobdagi dorilar: tarkibida narkotik va psixotrop boʻlgan dori vositalari.  1991-yildan keyin MDH davlatlarida yuz bergan iqtisodiy va huquqiy oʻzgarishlar natijasida antibiotiklar koʻp yillar davomida  erkin sotildi. Bu esa oʻz-oʻzini davolash, antibiotiklarni asossiz qoʻllash va rezistentlikning tez oʻsishiga olib keldi. Faqat 2010-yillardan boshlab, Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining antibiotikka chidamlilikka qarshi global tavsiyalari asosida, Rossiya, Qozogʻiston, Oʻzbekiston va boshqa MDH davlatlarida antibiotiklarni retsept bilan berish boʻyicha qonunchilik va nazorat tizimlari kuchaytirila boshlandi. Amaliyotda esa qatʼiy nazorat ayniqsa 2020-yillardan keyin sezilarli darajada kuchaydi.  Qozogʻistonda 2020-yil COVID-19 pandemiyasidan soʻng, antibiotiklarni retseptsiz sotish qatʼiy taqiqlandi. 2021-yilga kelib nazorat kuchaytirildi. Qirgʻiziston va Tojikistonda ham retsept bilan dori sotishni qatʼiylashtirish tartibi bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda.  Xulosa Antibiotiklar insoniyat hayotini saqlab qolgan ulkan tibbiy yutuq boʻlishiga qaramay, ularni nazoratsiz qoʻllash xavfli oqibatlarga olib keldi. Shu sababli dunyo mamlakatlari turli davrlarda, turli surʼatlarda boʻlsa-da, antibiotiklarni faqat retsept bilan berish tizimiga oʻtdi. Mutaxassislar taʼkidlashicha, retsept tizimi antibiotikka chidamlilikka qarshi kurashda muhim qadam hisoblanadi. Biroq u samarali boʻlishi uchun qonunchilik bilan bir qatorda jamoatchilik ongi, tibbiy madaniyat va ishonchli nazorat mexanizmlari ham zarur.

  • 9 Yanvar, 17:50
  • Batafsil
not found

JSST jahon tibbiyotidagi 5 ta eng muhim yutuqni eʼlon qildi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti 2025-yil uchun hisobotni eʼlon qildi: ayrim mamlakatlar oʻn yillar davomida davolab boʻlmaydi, deb hisoblangan kasalliklardan toʻliq xalos boʻldi, shuningdek, sayyorada sil va bezgakdan oʻlim holatlari kamaydi. Bu haqda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) 2025-yilgi hisobotida maʼlum qildi. Jamoat salomatligi sohasidagi 5 ta asosiy yutuq. Tuberkulyoz: Oʻlim darajasi kamaymoqda. Soʻnggi oʻn yil ichida sil kasalligidan vafot etganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ayniqsa, bu borada Afrika va Yevropa mintaqalarida ijobiy tendensiyalar qayd etilib, oʻlim koʻrsatkichlari mos ravishda 46 va 49 foizga pasaydi.  JSST bunday yutuqlar badavom boʻlishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va toʻyib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur, degan xulosada. Qizamiq: Vaksinalar millionlab insonlar hayotini saqlab qolyapti. Ommaviy emlash tadbirlari natijasida 2000-yillar boshiga nisbatan qizamiqdan oʻlim holatlari qariyb 90% ga kamaydi. Biroq tashkilot ayrim mamlakatlarda emlash qamrovi yetarli emasligi sabab kasallik holatlari ortib borayotganidan ogohlantirdi. Oʻlim holatlari kamayganiga qaramay, dunyo boʻylab qizamiq bilan kasallanish soni oʻsmoqda: 2024-yilda taxminan 11 million nafar kasallanish holati qayd etildi, bu esa 2019-yilga nisbatan qariyb 800 mingtaga koʻp. Ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar toʻliq bartaraf etildi Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini toʻliq toʻxtatgan davlat sifatida eʼtirof etildi. Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligiga, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligiga (afrika tripanosomozi), Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishdi. Bezgakka qarshi kurashda yangi bosqich 2025-yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etildi. Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qoʻllanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz boʻyicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin oʻlim holatlarining oldi olindi. Emlash dasturlari kengaymoqda Dunyo boʻylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon boʻyni saratonining asosiy sababi boʻlgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda.  2025-yil noyabr holatiga koʻra, 86 million nafar qiz OPV ga qarshi vaksina olgan.  2025-yilda Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda emlash va skrining dasturlarini kengaytirdi, bu esa bachadon boʻyni saratonini toʻliq toʻliq bartaraf etish arafasida turibdi.  Shuningdek, dunyodagi chaqaloqlarning kamida 89% difteriya, qoqshol va poliomiyelitga qarshi kamida bitta dozada vaksina olgan. Biroq JSST ning qoʻshimcha qilishicha, 2024-yilda urushlar, vaksina yetkazib berishdagi uzilishlar va emlashga oid yolgʻon axborotlarning koʻpayishi sababli 20 million bola zarur emlashlarni ololmagan. 

  • 9 Yanvar, 12:00
  • Batafsil
not found

Еlektron retsept tizimi: dunyoda qanday ishlaydi?

Elektron retseptlar dunyo boʻylab turli mamlakatlarda beriladi. Lekin har bir mamlakatda bu texnologiyaning oʻz tarixi va oʻz xususiyatlari bor. Dunyoda elektron retseptlarni joriy qilishda yetakchilik qilgan mamlakatlar- Skandinaviya davlatlari boʻldi. Birinchi sinov loyihalari 1980-yillarda paydo boʻlgan va shundan beri doimiy ravishda takomillashtirib kelinmoqda. Daniya va Shvetsiyada barcha retseptlarning taxminan 99 foizi elektron shaklda rasmiylashtiriladi.  Shvetsiyada elektron retseptlar tizimi toʻliq elektron tibbiy kartalar tizimi bilan integratsiya qilingan, va u mamlakatning barcha aholisini qamrab olgan. Shifokor tomonidan beriladigan retseptlar maxfiy aloqa orqali milliy elektron retsept serveriga uzatiladi va belgilangan muddat davomida (odatda bir yil, agar shifokor kamroq muddat belgilamasa) saqlanadi. Bemorlar bu bazaga kirish imkoniga ega emas — elektron retseptlarni faqat shifokorlar va farmatsevtlar koʻra oladi. Bemor esa faqat oʻz retseptini olish imkoniga ega: bu uchun u mamlakatning har qanday dorixonasiga kelib, shaxsini tasdiqlashi yetarli. Bemor boshqa odamning dorisini olishni ham soʻrash mumkin, lekin bunday holda dorixonada uning nomiga ruxsatnoma taqdim etilishi lozim. Boshqa Yevropa mamlakatlari ham elektron retseptlardan faol foydalanishadi. Ular orasida Norvegiya, Daniya, Finlyandiya, Shvetsiya, Germaniya, Belgiya, Niderlandiya, Italiya, Islandiya, Gretsiya va boshqalar bor. Ilgʻor davlatlar qatoriga Turkiyani ham qoʻshish mumkin. U yerda elektron retseptlar nafaqat tibbiyotda qoʻllaniladigan dorilarga, balki veterinariya preparatlariga ham rasmiylashtiriladi. Fransiyada fuqarolar Carte Vitale tibbiy kartasidan foydalanishadi. Bemorning barcha faol elektron retseptlarini koʻrish uchun ushbu karta dorixonadagi elektron dasturga ulanadi. Bundan tashqari, hozirda mamlakatda smartfonlar uchun Carte Vitale mobil ilovasi ishlab chiqilgan. Bu ilova orqali fuqarolar barcha retseptlarini doimo koʻrib turish va retseptlarni saqlash imkoniyatiga ega boʻlishadi. Germaniyada elektron retseptni joriy etish uchun huquqiy asos 2020-yilda ishlab chiqilgan. Dastlab u 2022-yil yanvaridan majburiy boʻlishi rejalashtirilgan, ammo keyinchalik oʻtish jarayonini bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaror qilingan. Germaniyada shifokor bilan koʻrikdan soʻng bemorga raqamli imzo va QR-kodni oʻz ichiga olgan elektron retsept beriladi. Uni mobil ilova orqali tanlangan dorixonaga elektron tarzda yuborish  yoki qogʻozga chiqarib, shaxsan dorixonaga olib borish ham mumkin. Avstriyada 2022-yil 1-iyuldan boshlab butun mamlakat boʻylab elektron retsept tizimi joriy etilgan. Shifokorlar retseptlarni markaziy serverda saqlaydi. Dorini olish uchun fuqarolar dorixonada elektron retseptning QR-kodini yoki 12 xonali retsept identifikatorini ham taqdim etishlari mumkin. Elektron retsept kodini raqamli tarzda faollashtirish uchun bemorlar avvalo shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan davlat organiga borib, ID Austria identifikatsiya tizimida roʻyxatdan oʻtishlari lozim. Bir marta shaxsi tasdiqlangandan soʻng, bemorlar smartfon ilovasiga parol kiritish orqali oʻz elektron retseptlarini osongina faollashtirish imkoniyatiga ega boʻladilar. Buyuk Britaniyada videoidentifikatsiya tartibidan foydalaniladi. Bunda shaxsni tasdiqlovchi hujjat yoki haydovchilik guvohnomasi orqali shaxs aniqlanadi, shundan keyin faqat parol kiritish yetarli boʻladi. Buyuk Britaniyada elektron retseptlarni joriy etgan birinchi hudud Shotlandiya boʻlgan, 2009-yilda amalga oshirilgan. AQSHda yagona elektron tibbiy maʼlumotlar tizimi va uning asosiy qismlaridan biri — elektron retseptlar tizimini keng joriy etish 2009-yilda HITECH qonuni qabul qilinganidan boshlangan. Bu qonunning asosiy maqsadi iqtisodiy edi: shifokorlar, tibbiy muassasalar, dorixonalar va sugʻurta kompaniyalari elektron va himoyalangan tibbiy maʼlumotlarni birgalikda foydalanish orqali sogʻliqni saqlash xarajatlarini kamaytirishlari nazarda tutilgan. HITECH qonunida belgilanishicha, 2011-yildan boshlab 6 yil davomida tibbiy xizmat koʻrsatuvchilar elektron tibbiy kartalar va retseptlardan foydalanganliklari uchun pullik ragʻbatlantirishlar olishadi. Shu bilan birga, 2015-yildan eʼtiboran elektron tibbiy kartalardan foydalanmaydigan kasalxonalar va xususiy shifoxonalarga jarima qoʻyiladi. Bu  uslub juda samarali boʻlib chiqdi: 2012-yilda Milliy sogʻliqni saqlash koordinatorining hisobotiga koʻra, AQSHda shifokorlarning 48% elektron retsepti va elektron tibbiy kartalardan foydalangan. Bugungi kunda AQSHda elektron retseptlar bilan 99% dorixonalar va 85% shifokorlar ishlamoqda. Ayrim shtatlarda, masalan, Nyu-York shtatda ulardan foydalanish allaqachon majburiy hisoblanadi.

  • 8 Yanvar, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech