09:00 (27.01.2026)

218

Oʻzbekistonda 30 yoshdan oshganlar yilda bir marta yurak tekshiruvidan oʻtkaziladi

Joriy yilning 20-yanvar kuni Prezidentning “Oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi (PQ–20-son) qarori qabul qilindi.

Qarorga koʻra, 2026-yil 1-maydan xalqaro dasturlar (“Stent for Life” va “Action Plan for Stroke”) asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi (Milliy dastur) hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.

Milliy dastur doirasida quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi, jumladan:

  • birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi oʻrtasida yiliga 1-marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar oʻtkaziladi;
  • tumanlararo qoʻshma shikastlanishlar va oʻtkir qon tomir kasalliklari markazlarida tun-u kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi;
  • xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;
  • tez tibbiy yordam brigadalari sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan taʼminlanadi.

Qarorga koʻra, Milliy dastur doirasida oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq vaqt meʼyorlariga qatʼiy rioya etgan holda koʻrsatilishi taʼminlanadi. Bunda:

- oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga “oltin soat” tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish tashkil qilinadi;

- tez tibbiy yordam xizmati tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar algoritmi va bemorning ixtisoslashgan tibbiy xizmat koʻrsatuvchi muassasagacha boʻlgan klinik marshruti vaqt meʼyorlari asosida tashkil qilinadi;

- birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan aholini maqsadli tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazish va bemorlarning klinik marshrutlarini tashkil qilishda vaqt meʼyorlari inobatga olinadi.

Ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda “Hoziroq harakatlan – hayotni saqlab qol!” mavzusida ijtimoiy roliklar namoyish qilinadi.

Har yili 29-sentyabr – Butunjahon yurak kuni hamda 29-oktyabr –Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin miqdorini oʻlchash, infarkt va insultda tez yordam koʻrsatish boʻyicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar oʻtkaziladi.

2026-yil 1-martdan respublika tibbiyot markazlari mutaxassislari hamda xorijiy ekspertlardan iborat tarkibda oʻtkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmat koʻrsatishni muvofiqlashtiruvchi kengash faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech