14:30 (26.01.2026)
197
Respublika hududida dori vositalarini qoʻllash natijasida yuzaga kelayotgan nojoʻya reaksiyalarni erta aniqlash, ularni tizimli ravishda yigʻish va chuqur tahlil qilish, dori vositalari xavfsizligini baholash, ogʻir asoratlar hamda salbiy oqibatlarning oldini olish, aholi salomatligini ishonchli himoya qilish maqsadida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi va “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi hamkorligida “Farmakonazorat” milliy elektron axborot tizimi tashkil etildi.
Mazkur tizim orqali dori vositalaridan foydalanish jarayonida kuzatilgan nojoʻya reaksiyalar toʻgʻrisida Markazga tezkor tarzda xabar berish imkoniyati yaratildi. Bu esa ushbu maʼlumotlarni markazlashgan holda yigʻish, ularni tezkor va chuqur tahlil qilish, dori vositalari bilan bogʻliq xavf-xatarlarni oʻz vaqtida aniqlash, zarur profilaktik va tartibga soluvchi choralarni koʻrish, shuningdek farmakonazorat sohasida samarali boshqaruv qarorlarini qabul qilish mexanizmini yoʻlga qoʻyishga xizmat qilmoqda.
Maʼlumot uchun, tibbiyot va farmatsevtika xodimlari dori vositalaridan foydalanish natijasida aniqlangan nojoʻya reaksiyalar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni onlayn tarzda quyidagi rasmiy axborot resurslari orqali yuborishlari mumkin:
— Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining rasmiy veb-sayti: https://gov.uz/uz/ssv/sections/view/42596
— “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining rasmiy veb-sayti:https://www.uzpharm-control.uz/ru/pages/online_reporting
— Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining rasmiy veb-sayti:https://pharm.gov.uz/uz/open-data/pharmacovigilance
Shuningdek, isteʼmolchilar — aholi uchun qulayliklarni yanada oshirish maqsadida maxsus “PharmUz” mobil ilovasi ishlab chiqilgan boʻlib, mobil ilova orqali dori vositalaridan foydalanish jarayonida kuzatilgan nojoʻya reaksiyalar haqida soddalashtirilgan va qulay tartibda tezkor elektron xabar yuborish imkoniyati yaratilgan.