Yangiliklar

not found

Kontakt linzalarni to‘g‘ri tanlash juda muhim

Kontakt linzalardan dunyo aholisining taxminan 2% foydalanadi, ularning aksariyati 12 yoshdan 35 yoshgacha bo‘lgan yoshlardir. Linzalar ham tibbiy maqsadlarda, ham estetik maqsadlarda qo‘llaniladi. Bugungi kunda yoshlar orasida ko‘z rangini o‘zgartirish maqsadida linza taqish anchagina ommalashgan. Har bir linza turi maxsus parametrlar bilan tavsiflanadi: material, egrilik radiusi (BC, BCR), linza diametri (D, OAD), optik kuchi, silindr o‘qlari, linzaning markaziy qalinligi va boshqalar. Kontakt linzalarning ta’sir mexanizmi ko‘zoynak linzalariga o‘xshash — ular yorug‘lik nurini sindiradi va uni ko‘zning tor pardasi (retina)ga to‘playdi. Kontakt linzalar shartli ravishda ikki asosiy guruhga bo‘lish mumkin: 1. Qattiq kontakt linzalar Nisbatan kam qo‘llaniladi — taxminan 10% holatlarda. Asosan ko‘zning shox pardasi bilan bog‘liq murakkab kasalliklarni to‘g‘rilashda ishlatiladi. 2. Yumshoq kontakt linzalar Juda keng qo‘llaniladi (90%dan ortiq holatlarda). Yumshoq linzalarni quyidagi mezonlar bo‘yicha tasniflash mumkin: — optik ta’siriga ko‘ra (yaqinni va uzoqni ko‘rolmaslikni, astigmatizmni, presbiopiyani (yoshga bog‘liq uzoqni ko‘rolmaslik) to‘g‘rilash uchun), — materialiga ko‘ra (gidrogel linzalar, silikon-gidrogel linzalar), — almashtirish muddatiga ko‘ra (kunlik, haftalik, oylik). Kontakt linzalarni mustaqil ravishda xarid qilish mumkin, ammo quyidagi holatlarda albatta oftalmologga murojaat qilish zarur: 1. Agar inson ilk bor kontakt linza taqishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, albatta shifokor qabulidan boshlash kerak. Mutaxassis to‘liq tekshiruv o‘tkazib, bemorga eng mos linza turini tanlab beradi. 2. Linza taqishda noqulaylik paydo bo‘lsa. To‘g‘ri tanlangan linzalar odatda ko‘zda sezilmasligi kerak. Agar linzadan foydalanganda ko‘rish yomonlashsa yoki noqulayliklar (bosh aylanishi, ko‘zda yot jism hissi) paydo bo‘lsa, shifokorga murojaat qilish lozim. 3. Muntazam yillik tekshiruv Agar inson kontakt linza taqsa, demak unda muayan ko‘z muammosi bor (istisno — faqat ko‘z rangi uchun linzalar). Ko‘zda patologiya mavjud bo‘lsa, linza bor-yo‘qligidan qat’i nazar, har 6–12 oyda bir marta to‘liq tekshiruvdan o‘tish kerak. To‘g‘ri foydalanish qoidalari: ➖ Faqat toza qo‘l bilan taqish/echish ➖ Shikastlangan linzani ishlatmaslik ➖ Konteyner va eritmani har kuni yangilash ➖ Boshqalar bilan almashmaslik ➖ Belgilangan muddatdan ortiq taqmaslik Qachon linza taqmaslik kerak: ➖ Ko‘z yallig‘langanda (masalan, Konyunktivit) ➖ Shamollash/O‘RVI paytida ➖Ayrim dorilar qabul qilinganda (ko‘z qurishi mumkin) Kontakt linzalar hammaga ham mos kelavermaydi. Qarshi ko‘rsatmalar mavjud. Ba’zan linza materialiga yoki uni saqlash eritmasiga allergiya ham to‘sqinlik qilishi mumkin.

  • 24 Aprel, 09:00
  • Batafsil
not found

2026-yilda O‘zbekistonda aholi orasida meningit bilan bog‘liq holatlar biroz ortdi- Sanepidqo‘mita

O‘zbekistonda joriy yil boshidan buyon meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar ko‘paygan. Infeksiya bilan bog‘liq 174 ta holatning 168 tasi bolalar bilan bog‘liq. Bu haqda Sanitariya-epidemiologiya qo‘mitasi xabar berdi. Idora o‘z xabarida 2026 yilda O‘zbekistonda aholi orasida meningokokk infeksiyasi bilan bog‘liq holatlar biroz ortganini qayd etgan. Bildirilishicha, shu munosabat bilan aholi, ayniqsa bolalar orasida ushbu infeksiya keng tarqalishini oldini olish maqsadida 8024 doza vaksina xarid qilinib, bemorlar bilan muloqotda bo‘lgan 4862 nafar fuqaro emlash bilan qamrab olingan. Vaksina bilan emlashga tibbiy moneligi bo‘lgan bemorlar bilan muloqotda fuqarolar shifokorlar nazoratida kimyoviy profilaktika tadbirlari amalga oshirilmoqda. “Respublikamizda 2026 yilning 1-choragida 174 ta meningokokk holati ro‘yxatga olingan bo‘lib shundan 168 nafari 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tashkil qilmoqda. Kasallik dinamikasiga ko‘ra, aprel oyida mart oyiga nisbatan 14 foizga kamayganligi kuzatilmoqda”, deyiladi xabarda. Ma’lumot uchun, meningit – bu bosh va orqa miya pardalarining yallig‘lanishi bo‘lib, ko‘pincha bakteriya yoki viruslar sababli yuzaga keladi va tez rivojlanishi bilan xavfli. Oldini olish choralariga quyidagilar kiradi: o‘z vaqtida emlanish; shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish; kasallik alomatlari kuzatilganda darhol shifokorga murojaat qilish; jamoat joylarida ehtiyot choralarini ko‘rish. Shuningdek, Haj va Umra safarlariga borishdan avval meningokokk infeksiyasiga qarshi emlanishlarini ziyoratdan kelgandan so‘ng ommaviy tadbirlardan cheklanish tavsiya qilinadi. Emlash – meningokokk infeksiyasidan ishonchli himoyalanishning eng samarali usullaridan biri. Sanepidqo‘mitaga ko‘ra, respublikada epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlash uchun keng ko‘lamli choralar amalga oshirilmoqda. Mamlakatdagi epidemiologik vaziyat va ko‘rilayotgan choralar haqida ishonchli manbalardan ma’lumot olish so‘raladi.

  • 23 Aprel, 16:59
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech