Yangiliklar

not found

“Dr. Reddy’s Laboratories Ltd” kompaniyasi tomonidan "Telsartan H" dori vositasining ayrim seriyasi muomaladan qaytarib olinmoqda

Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi “Dr. Reddy’s Laboratories Ltd” kompaniyasining O‘zbekiston Respublikasidagi vakolatxonasidan kelib tushgan rasmiy ma’lumotga asosan quyidagilarni ma’lum qiladi. Ishlab chiqaruvchi tomonidan o‘tkazilgan sifat nazorati va barqarorlik sinovlari natijalariga ko‘ra, “Telsartan H 80 mg/12,5 mg" dori vositasining C2501976 seriyasida faol modda — gidroxlorotiazid miqdorining belgilangan me’yorlardan chetga chiqqanligi aniqlangan. Mazkur holat dori vositasining sifat ko‘rsatkichlariga oid nomuvofiqlik sifatida baholangan. Ta'kidlash joiz, O‘zbekiston Respublikasi hududida muomalaga kiritilgan C2501977 seriyasi bo‘yicha faol modda miqdoriga oid bunday nomuvofiqlik qayd etilmagan. Biroq ushbu seriya, nomuvofiqlik aniqlangan seriya bilan bir xil ishlab chiqarish lotiga mansub bo‘lgan faol moddadan ishlab chiqarilganligi sababli, dori vositalari muomalasi xavfsizligini ta’minlash hamda ehtimoliy xavflarning oldini olish maqsadida, profilaktik choralar doirasida bozordan qaytarib olinmoqda. Shu munosabat bilan, yuqorida ko‘rsatilgan seriyadagi “Telsartan H 80 mg / 12,5 mg” preparatini sotib olgan fuqarolardan ushbu dori vositasini iste’mol qilmasliklari, agar u avvaldan mavjud bo‘lsa, undan foydalanmasliklari, shuningdek, zarurat tug‘ilganda davolovchi shifokor bilan maslahatlashgan holda muqobil dori vositasini tanlashlari so‘raladi.

  • 7 Yanvar, 10:50
  • Batafsil
not found

Nestle xavfli toksin tufayli O‘zbekistonda bolalar ozuqasi ba’zi mahsulotlari qaytarib olinishini e’lon qildi

Qaror ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan va Nestle mahsulotlarini «global qaytarib olish jarayonining bir qismi» hisoblanadi. Bunga tashqi ta’minotchi tomonidan yetkazib beriladigan araxidon kislotasi tarkibidagi tsereulid toksinining ehtimoliy xavfi sabab bo‘lgan. Uning organizmga tushishi o‘tkir zaharlanishni keltirib chiqaradi, asosiy belgilari ko‘ngil aynishi, qusish va qorin og‘rig‘idir. «Nestle Food» kompaniyasi O‘zbekiston hududida bolalar ozuqasi mahsulotlarining cheklangan miqdorini – tez eruvchan sutli va nordon sutli quruq aralashmalarni, shuningdek aminokislotalar asosidagi maxsus diyetik davolash uchun quruq aralashmalarning ayrim partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarib olishini e’lon qildi. Kompaniya xabariga ko‘ra, qaror ehtiyot chorasi sifatida qabul qilingan va Nestle mahsulotlarini «global qaytarib olish jarayonining bir qismi» hisoblanadi. Bunga tashqi ta’minotchi tomonidan yetkazib beriladigan araxidon kislotasi tarkibidagi tsereulid toksinining ehtimoliy xavfi sabab bo‘lgan. Uning organizmga tushishi o‘tkir zaharlanishni keltirib chiqaradi, asosiy belgilari ko‘ngil aynishi, qusish va qorin og‘rig‘idir. Qaytarib olish quyidagi mahsulotlar partiyasiga tegishli: • NAN 1 OPTIPRO – 51490346AB, 51750346AA, 51900346AE, 51760346AA, 52180346AB, 52670346AE, 52680346AD, 51500346BA, 51910346BA partiyalari. - NAN 2 OPTIPRO – 5172080622, 5206080621, 5298080624, 5205080661, 5206080661, 5289080661, 5290080661, 5204080611, 5205080611 partiyalari. - NAN Kislomolochniy (0-12 oy) – 51230017A1 partiyasi. - NAN Supreme (0-12 oy) – 52790742C1 partiyasi. - ALFARE Amino –51050017Y2, 51470017Y1, 52730017Y1 partiyalari. Ta’kidlanishicha, ushbu ingrediyentning miqdori juda kam bo‘lishiga qaramay va O‘zbekistonda oziq-ovqat mahsulotlarida tsereulid toksini miqdorini me’yorlash talab etilmasa-da, Nestle kompaniyasining «ehtimoliy xavflarni kamaytirish bo‘yicha global qarori doirasida 5 yanvardan boshlab bolalar ozuqasi mahsulotining cheklangan partiyalarini ixtiyoriy ravishda qaytarish choralarini» amalga oshiradi. «Nestle Food» bu qaror haqida O‘zbekiston regulyatorini xabardor qilgan. Qayd etilishicha, ko‘rsatilgan partiyalarning mahsulotini xarid qilgan iste’molchilar uni belgilangan tartibda qaytarishi mumkin. Mahsulotlarni qaytarib olish amaliyoti yuqorida keltirilgan mahsulotlarning boshqa partiyalari va Nestle kompaniyasi tomonidan O‘zbekistonda taqdim etilgan bolalar ozuqasi boshqa mahsulotlariga tegishli emas.

  • 7 Yanvar, 08:55
  • Batafsil
not found

Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasi belgilandi

Adliya vazirligi tomonidan "Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar toifasiga kiritish mezonlari, ularning moliyaviy hisobotlari va auditiga qo'yiladigan talablar hamda Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reestrini shakllantirish va yuritish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida"gi qaror (ro'yxat raqami: 3736, 27.12.2025-y.) davlat ro'yxatidan o'tkazildi. Mazkur hujjat bilan yuqori ijtimoiy va iqtisodiy ta'sirga ega yirik tijorat tashkilotlari tomonidan yillik moliyaviy hisobotlarini Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga (MHXS) muvofiq taqdim etish talabi yengillashtirildi. Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar sifatida quyidagilar belgilanmoqda: - Aksiyalari ommaviy savdolarga chiqariladigan tashkilotlar; - Tijorat banklari, mikromoliya banklari, mikromoliya tashkilotlari, faktoring tashkilotlari, ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlari va kafolatlar berish tashkilotlari, to'lov tizimi operatorlari, to'lov tashkilotlari; - Investitsiya fondlari; - Birjalar; - Aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravaridan ortiq hamda mahsulot, tovarlar va xizmatlarni realizasiya qilishdan olingan yillik sof tushumi va dividend shaklidagi daromadlari birgalikda BHMning 1 mln baravaridan ortiq bo'lgan davlat ishtirokidagi korxonalar; - Oxirgi 2 yil davomida hisobot yili yakunlariga ko'ra: ▪️ aktivlarining balans qiymati BHMning 1 mln baravari va undan ortiq; ▪️ yillik sof tushumi BHMning 1 mln baravari va undan ortiq; ▪️ xodimlarining o'rtacha yillik soni 500 nafardan kam bo'lmagan tashkilotlar. Endilikda, yuqoridagi mezonlarga tushadigan tashkilotlar Jamoat ahamiyatiga ega tashkilotlar reyestriga kiritiladi. Mazkur Reyestr Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan yuritiladi hamda har yili 1-iyulga qadar Hukumat portali yagona platformasi hamda Ochiq ma'lumotlar portalida e'lon qilinadi.

  • 6 Yanvar, 12:20
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech