11:12 (17.04.2026)
42
“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining anjumanlar zalida, kompaniyaning farmatsevtlari bilan Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligining “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi, Inson resurslarini boshqarish boʻlimi boshligʻi Xabib Aziza Abdulboriy qizi va Sertifikatsiya boʻlimi yetakchi mutaxassisi tibbiyot fanlari nomzodi Tursunova Malika Rabbimqul qizi oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad Oʻzbekistonning bir asrlik tarixga ega boʻlgan otaxon kompaniyasi tajribali farmatsevtlarini Markaz tomonidan GxP tekshiruv jarayonlariga jalb qilish, shuningdek, GxP tizimning ahamiyati va talablari haqida tushuncha berishdan iborat boʻldi.
Mutaxassislar GxP standartlarining farmatsevtika sohasida tutgan oʻrni, dori vositalarining sifati, xavfsizligi va samaradorligini taʼminlashdagi ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berdilar. GxP talablariga rioya qilish — bu nafaqat xalqaro standartlarga moslashish, balki aholiga yetkazilayotgan dori vositalarining sifatini va ishonchliligini kafolatlash demakdir.
Shuningdek, GxP tizimini joriy etish har bir kompaniyaning faoliyati samaradorligini oshirishga, nazorat tizimini mustahkamlash va xalqaro bozorda raqobatbardoshlikni kuchaytirishga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Markaz mutaxassislari tomonidan “Dori-Darmon” kompaniyasi farmatsevtlarini GxP tekshiruvlariga jalb etish tashabbusi bejiz emasligi, kompaniya tizimida ish jarayonlari samarali va toʻgʻri yoʻlga qoʻyilgani, farmatsevtlarning xalqaro standartlar, xususan GDP (yaxshi distribyutorlik amaliyoti) va GPP (yaxshi dorixona amaliyoti) talablarini chuqur bilishi amalda oʻz isbotini topganligi qayd etildi. Xususan, kompaniya tarkibidagi dorixonalar tomonidan GPP sertifikatini olish jarayonida farmatsevtlarning bilim va koʻnikmalari, ish yuritishdagi aniqlik va masʼuliyati yuqori darajada ekanligi taʼkidlab oʻtildi.
Farmatsevtlarni GxP tekshiruvlariga jalb etish orqali sohadagi ilgʻor tajribani keng joriy etish, tekshiruvlar samaradorligini oshirish hamda farmatsevtika tarmogʻida yagona standartlar ijrosini taʼminlash, qolaversa kompaniya farmatsevtlari bilimini yanada oshirish maqsad qilingan.
Qizgʻin suhbatlarga boy boʻlgan ushbu uchrashuv yakunida “Zarur amaliyotlar markazi” mutaxassislari kompaniya farmatsevtlari tomonidan berilgan savollarga asosli va toʻliq javoblar berishdi, shuningdek uchrashuv qatnashchilari kelgusida oʻzaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va farmatsevtika sohasidagi standartlar talablari ijrosini taʼminlash yuzasidan oʻzaro kelishib oldilar.