09:00 (16.04.2026)

61

Transog‘lar haqiqatan ham zararlimi?

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bergan ma’lumotlarga ko‘ra transog‘larni iste’mol qilish har yili dunyo bo‘ylab 278 000 dan ortiq o‘limga sabab bo‘lar ekan.

Transog‘lar – bu to‘yinmagan yog‘ kislotalarini maxsus usullar orqali transformatsiya qilish natijasida hosil bo‘lgan yog‘lardir. Transog‘lar — mahsulotning saqlanish muddatini uzaytiradi, ammo inson salomatligi uchun o‘ta xavfli hisoblanadi.

Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, transog‘lar miqdori oz bo‘lsa ham, uzoq muddat iste’mol qilinsa organizmga quyidagicha salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin:

1. Zararli xolesterin miqdorini oshiradi. Past zichlikdagi lipoproteinlar qon tomirlar devorida yog‘li tiqinlar hosil qilishi mumkin. Bu qon oqimini cheklaydi va yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi.

2. Infarkt va insult xavfini oshiradi. Qon tomirlaridagi yog‘li tiqinlar yurak, miya va o‘pkada turli og‘ir kasalliklarga olib kelishi mumkin. Yurak mushaklarida kuzatilsa – infarkt, bosh miyada – insult, o‘pkada – o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi.

3. Qandli diabet rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin. Transog‘lar hujayralarning insulinga sezgirligini pasaytiradi. Bu glyukoza kamroq samarali so‘rilishini anglatadi, vaqt o‘tishi bilan 2-toifa diabetning rivojlanishiga olib kelishi mumkin.

4. Yallig‘lanish jarayonlari rivojlanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, semirish va hatto saraton kasalliklari rivojlanish ehtimoli bir necha barobar ortadi.

Xronik yallig‘lanish qon-tomir kasalliklari, artrit, diabet va hatto onkologiya xavfini oshiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatdiki, transog‘larning iste’moli va qonda yallig‘lanish markerlari miqdori ortgani o‘rtasida qat’iy bog‘liqlik bor.

Transog‘lar ko‘p uchraydigan mahsulotlar:

- pishiriqlar: tort, bulochka, pirog;

- fastfudlar: kartoshka fri, qovurilgan tovuq va dengiz mahsulotlari;

- popkorn va tayyor pissa;

- doner, burgerlar, chipslar

Transog‘larni kundalik iste’moli qancha bo‘lishi kerak?

Ideal holda, transog‘larning kundalik iste’moli 0 gramm bo‘lishi lozim. Ammo real hayotda bu qiyin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti kattalar uchun transog‘larni iste’mol qilishni umumiy kaloriyaning 1% dan ko‘p bo‘lmagan miqdorida cheklashni tavsiya qiladi. Masalan, agar kundalik kaloriyangiz 2000 kkal bo‘lsa, transog‘lar miqdori 20 kkaldan (taxminan 2 gramm) oshmasligi lozim.

Sog‘lom hayot uchun transog‘larni iste’mol qilishni minimal darajada ushlash yoki umuman rad etish tavsiya etiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech