Aeroport va vokzalda chet eldan qaytganlar uchun OIV ekspress-test avtomatlari oʻrnatiladi
Yil yakunigacha Toshkent xalqaro aeroporti va markaziy temiryoʻl vokzalida xorijdan qaytganlar uchun OIVga bepul ekspress-test beruvchi testomatlar oʻrnatiladi. So‘lak orqali OIVni aniqlovchi testlar bepul bo‘lib, uni topshirish majburiy bo‘lmaydi.
Bu haqda OITSga qarshi kurashish markazi direktori Bahrom Igamberdiyev Gazetaga maʼlum qildi.
Markaz direktorining soʻzlariga koʻra, oxirgi yillarda OIVga chalinayotganlarning 30−35 foizini 3 oy va undan koʻp muddatda xorijda boʻlib qaytgan fuqarolar tashkil etmoqda. Shu sababli ham bepul ekspress-testlar mazkur qatlam uchun yoʻlga qoʻyilyapti.
“Hozirgi epidemiologik vaziyatdan kelib chiqadigan boʻlsak, koʻproq xorijdan qaytgan fuqarolarni tekshirishimiz kerak. Profilaktik chora-tadbirlar, targʻibot ishlariga ham katta ahamiyat qaratganmiz. Joriy yil yakunigacha xalqaro aeroport va markaziy temiryoʻl vokzalida maxsus testomatlar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Mazkur pilot loyiha doirasida chet eldan qaytgan fuqarolar oʻzini tekshirishi, yaʼni soʻlak testlarini topshirib, oʻz statusini bilib olishi mumkin. Xohlovchi fuqarolar aeroport yoki vokzalning oʻzidayoq roʻyxatdan oʻtadi. Jarayon elektron tarzda boʻlib, bunga koʻp vaqt ketmaydi. Fuqaro soʻlak testini oʻzi bilan birga olib ketib, uni yashash joyida amalga oshiradi, natijasi boʻyicha bizga maʼlumot beradi. Agar tajriba-sinov loyihasi oʻz samarasini bersa, kelgusida bunday testomatlarni koʻpaytiramiz”, — deydi OITSga qarshi kurashish markazi direktori.
Markazning boʻlim mudiri Farrux Hamroyevning maʼlum qilishicha, ushbu loyiha boʻyicha Uzbekistan Airports va “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ bilan kelishuvga erishilgan, yaʼni qurilmalar oʻrnatish uchun allaqachon maydonlar ajratilgan. Hatto testomatlar xaridi uchun buyurtma berilib, mablagʻ ham toʻlangan. Yaqin orada ushbu qurilmalar yetib kelishi va oʻrnatilishi kutilmoqda.
“Mamlakat ichida yashayotgan aholi uchun OITS markazlari, poliklinikalarda ishonch hamda anonim xonalari mavjud. Istalgan paytda kirib, OIV uchun test topshirish mumkin. Biroq chet eldan kelayotganlar orasida OIV infeksiyasi koʻp aniqlanayotgani bois ularga koʻproq ahamiyat qaratilmoqda. Xorijdan qaytgan fuqaro hech qachon OITS markazi yoki poliklinikaga toʻgʻri bormaydi. Ularga qulaylik yaratish maqsadida OIVga eskpress-testlarni aeroport yoki vokzaldan olib ketish imkoniyatini taqdim qilmoqchimiz. Bu ham samarali profilaktik tadbirlarning biri hisoblanadi”, — deydi u.
“Testomatlar xorijdan qaytgan fuqarolar bevosita toʻqnashadigan, ularning koʻzi tushadigan nuqtalarga qoʻyiladi. Qurilmaning ichida maxsus qadoqlangan paketda test boʻladi. Odamlar boshlangʻich ekranga teginib, qurilmaning skaner joyiga pasportini qoʻyadi. Hujjat skanerlangach, avtomat test chiqarib beradi. Test qadoqlangan holatda boʻlib, uni istalgan joyda ishlatsa boʻladi. Bir odam faqat bitta test oladi. Tekshiruvlar barchasi anonim tarzda amalga oshadi. Bizga fuqaroning jinsi va yoshi haqidagi maʼlumotlari koʻrinadi, xolos”, — deydi Farrux Hamroyev.
Uning tushuntirishicha, testdan qanday foydalanish toʻgʻrisida video qoʻllanmalar ham tayyorlanadi, ularni qurilma ustidagi QR-kod orqali koʻrib, tushunib olishi mumkin boʻladi.
“Soʻlak orqali OIVni aniqlaydigan mazkur testga tibbiyot xodimi kerak boʻlmaydi. Fuqaro oʻzini oʻzi tekshira oladi, bu — juda oddiy jarayon”, — deydi markaz rasmiysi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 52 mingdan ortiq shaxs OIV kasalligi bilan yashamoqda. Ularning 55 foizini erkaklar tashkil qiladi. OITS markaziga ko‘ra, yiliga 3−4 ming kishida infeksiya aniqlanyapti, ularning aksariyati 30−49 yosh oralig‘idagi shaxslardir.