12:45 (22.06.2026)

135

JSST: Zararlangan oziq-ovqat mahsulotlari yiliga 1,5 million kishining hayotiga zomin bo‘lmoqda

Har yili xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat 866 million kasallanish va 1,5 million o‘limga sabab bo‘lmoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti yigirma bir yillik o‘rganishlar natijalarini tahlil qilish asnosida shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi. Unga ko‘ra, tarkibida zararli bakteriya va viruslar, parazitlar yoki xavfli kimoviy moddalar mavjud bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari dunyoda yiliga, 1,5 million kishining o‘limiga sabab bo‘lmoqda.

Xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlarini iste’mol qilish 5 yoshgacha bo‘lgan bolalarda kattalarga nisbatan qariyb uch baravar ko‘proq kasalliklarga sabab bo‘lmoqda. Yer yuzi aholisining atigi 9 foizini tashkil etuvchi kichik yoshdagi bolalar hissasiga oziq-ovqat orqali yuqadigan kasalliklarning qariyb uchdan bir qismi to‘g‘ri keladi.

Har yili dunyo bo‘ylab 866 million nafar inson xavfsiz bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlarini tanovul qilish oqibatida turli kasalliklarga chalinadi.

2021-yilda oziq-ovqat ifloslanishi bilan bog‘liq o‘limlarning 73 foizi kimoviy moddalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng xavfli omillar sifatida qo‘rg‘oshin va margimush birikmalari qayd etilgan.

Metilsimob, qo‘rg‘oshin va margimush kabi moddalar bolalar miyasining rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, nevrologik buzilishlar va rivojlanishda kechikishlarga olib kelishi mumkin.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech