11:45 (14.07.2026)
141
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti (JSST) rasmiy maʼlumotlariga koʼra, dunyo farmatsevtika bozorida qalbaki dori vositalarining ulushi taxminan 10 foizni tashkil etadi.
Daromadi past va oʼrtacha boʼlgan mamlakatlarda bu koʼrsatkich ancha yuqori — u yerda har oʼnta tibbiy mahsulotdan bittasi sifatsiz yoki qalbaki hisoblanadi.
Аfrika va Osiyoning ayrim hududlarida nazorat zaifligi sababli, noqonuniy taʼminot zanjiridagi qalbaki dorilar ulushi 19 foizdan 50 foizgacha yetishi mumkin. Ekspertlar bahosiga koʼra, kontrafakt medikamentlarning yillik jahon aylanmasi 4,4 milliard АQSh dollaridan oshib ketgan.
Bugungi kunda dori xavfsizligi nima uchun bunchalik muhim?
Globallashuv va bozor tuzilmasining oʼzgarishi sababli medikamentlar sifatini nazorat qilish oʼta muhim masalaga aylandi. Buning asosiy sabablari:
Hayot va sogʼliq uchun xavf: Qalbaki dorilar koʼpincha xavfli toksik aralashmalar, notoʼgʼri faol moddalar yoki notoʼgʼri dozirovkadan iborat boʼladi. Bu ommaviy zaharlanishlarga (masalan, tarkibida dietilenglikolь boʼlgan xorij yoʼtal siroplari bilan bogʼliq holat kabi) yoki ogʼir kasalliklarni davolashda foyda bermasligiga olib keladi.
Onlayn-dorixonalarning shiddat bilan koʼpayishi: Bugungi kunda aksariyat qalbaki dorilar internet-resurslar, litsenziyasiz marketpleyslar va ijtimoiy tarmoqlar orqali sotilmoqda. JSST maʼlumotlariga koʼra, oʼz jismoniy manzilini yashirgan saytlardan sotib olingan dorilarning 50 foizgacha qismi qalbakidir.
Superbakteriyalar xavfi: Faol moddasi kam boʼlgan qalbaki antibiotiklar bakteriyalarni butunlay oʼldirmaydi, balki ularning mutatsiyaga uchrashiga sabab boʼladi. Bu esa butun dunyoda dorilarga chidamlilik global muammosini tezlashtiradi.
Qimmatbaho preparatlarni qalbakilashtirish: Аgar ilgari oddiy ogʼriq qoldiruvchilar koʼp qalbakilashtirilgan boʼlsa, bugungi kunda jinoiy guruhlar hayot uchun oʼta muhim va qimmat dorilarni — onkologik preparatlar (masalan, yaqinda JSST Darzalex preparati boʼyicha ogohlantirish berdi), gormonlar va qimmat vaksinalarni ommaviy ravishda soxtalashtirmoqda.
Qaysi turdagi dorilar koʼproq qalbakilashtiriladi?
Rivojlangan davlatlarda: Hayot sifatini yaxshilovchi preparatlar (ozish uchun vositalar, erektil disfunktsiyani davolovchi dorilar, oʼsish gormonlari va psixotrop moddalar).
Rivojlanayotgan davlatlarda: Hayot uchun eng zarur medikamentlar (antibiotiklar, bezgakka qarshi vositalar, ogʼriq qoldiruvchilar va bolalar siroplari).
Dorining xavfsizligini qanday tekshirish mumkin?- bu haqda keyingi postlarimizda maʼlumot beramiz.