09:05 (16.07.2026)
124
Aholiga sifatli va xavfsiz farmatsevtika xizmatlarini ko‘rsatish, dori vositalari muomalasida qonunchilik talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maqsadida Urganch shahrining "Istiqlol" mahallasida joylashgan "Xorazm dori-darmon" MCHJ tasarrufidagi 150-sonli dorixona faoliyati o‘rganildi.
O‘rganish O‘zbekiston Respublikasining «Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar (O‘RQ-399) ijrosi doirasida Xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi vakillari ishtirokida amalga oshirildi.
Tadbir davomida dorixona faoliyatining bir qator muhim yo‘nalishlari tahlil qilindi. Jumladan:
- dori vositalarini belgilangan harorat va namlik rejimida saqlash holati;
- ijtimoiy ahamiyatga ega dori vositalari va tibbiy buyumlarning belgilangan tartib asosida narxlanishi;
- markirovka tizimi va elektron retseptlar bilan ishlash amaliyoti;
- aholiga tezkor, sifatli va xushmuomala xizmat ko‘rsatish darajasi;
- fuqarolarning farmatsevtika xizmatlari bo‘yicha fikr va takliflari.
O‘rganish natijalariga ko‘ra, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy-farmatsevtika xizmatlari sifatini yanada takomillashtirish, dori vositalari narxlari barqarorligini ta’minlash hamda raqamli yechimlardan samarali foydalanish bo‘yicha tegishli tavsiyalar bildirildi.
Aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, dori vositalari muomalasida shaffoflikni ta’minlash va amaldagi qonunchilik talablariga rioya etish bo‘yicha ishlar izchil davom ettirilmoqda.