18:00 (29.01.2026)

147

AQSHda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan Parkinson kasalligiga qarshi preparatni insonlarda sinovdan o‘tkazishga ruxsat berildi

Amerikalik regulyator neyrotarmoqlar yordamida ishlab chiqilgan Parkinson kasalligiga qarshi preparatni insonlarda sinovdan o‘tkazishga ruxsat berdi. Bu Insilico kompaniyasi portfelida klinik tadqiqotlar bosqichiga yetgan sun’iy intellekt asosida yaratilgan o‘ninchi ishlanma hisoblanadi.

AQSHning Oziq-ovqat mahsulotlari va dori vositalari sifatini nazorat qilish boshqarmasi (FDA) sun’iy intellekt yordamida yaratilgan, Parkinson kasalligiga qarshi preparat bo‘yicha klinik sinovlar o‘tkazish uchun arizani ma’qulladi. Bu haqda preparat ishlab chiqaruvchisi Insilico Medicine biotexnologik kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Regulyatorning ruxsati hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar boshlanganidan keyin 14 oydan kam vaqt ichida olingani qayd etildi. Bu natija neyrotarmoqka asoslangan Pharma.AI platformasini joriy etish bilan izohlanmoqda. Shu bilan birga, soha bo‘yicha klinikadan oldingi bosqichning o‘rtacha davomiyligi taxminan ikki-uch yilni tashkil etadi.

Sinov ishtirokchilarini ro‘yxatga olishning aniq sanasi e’lon qilinmagan. Klinik sinovlarning I bosqichida preparatning xavfsizligi, bardoshlilik va farmakokinetik ko‘rsatkichlari baholanadi. Ushbu bosqich yakunlangach, eksperimental dori vositasiga bo‘lgan huquqlar Xitoyning Hygtia Therapeutics kompaniyasiga o‘tadi. U bilan bir hafta avval 76 million AQSH dollari miqdorida bitim tuzilgan.

Bu Insilico kompaniyasining sun’iy intellekt yordamida yaratilgan va insonlar ishtirokidagi tadqiqotlar bosqichiga yetgan o‘ninchi ishlanmasidir. ISM8969 deb nomlangan ushbu dori vositasi NLRP3 yallig‘lanish tizimini bloklash orqali ta’sir qiladi hamda qon-miya to‘sig‘idan — qon oqimi bilan markaziy asab tizimi o‘rtasidagi filtrdan o‘ta oladi. Mazkur to‘siq aksariyat dori molekulalarining miyaga kirishiga yo‘l qo‘ymaydi.

Preparat sichqonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda o‘z samaradorligini tasdiqlab, parkinsonizmning rivojlanishini sekinlashtirgan va ularning harakat funksiyalarini yaxshilagan.

NLRP3 — tug‘ma immunitet tizimiga mansub oqsillardir. Ularning ortiqcha faolligi yallig‘lanishni qo‘zg‘atuvchi sitokinlarning chiqarilishiga sabab bo‘ladi, bu esa surunkali yallig‘lanishga va asab hujayralarining buzilishiga olib keladi. Shu tarzda Alsgeymer kasalligidan tortib, yon amiotrofik sklerozgacha bo‘lgan turli neyrodegenerativ patologiyalar rivojlanadi.

NLRP3 dofaminergik neyronlarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lganda, harakat funksiyalarini tartibga soluvchi neyromediator — dofamin yetishmovchiligi yuzaga keladi. Bu Parkinson kasalligiga olib keladi: titroq (tremor), mushaklarda qattiqlik, harakatlarning sekinlashuvi va muvofiqlashuvning buzilishi kuzatiladi. Hozirgi davolash usullari asosan dofamin yetishmovchiligini to‘ldirishga qaratilgan bo‘lib, bu faqat parkinsonizm belgilarini kamaytirishga yordam beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech