09:00 (05.06.2026)
23
Dori vositalarining farmakologik nazorati va tibbiy jihozlarning xavfsizligi monitoringini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga koʻra, dori vositasini qoʻllash jarayonida nojoʻya taʼsir kuzatilsa, bu holat vakolatli organ tomonidan oʻrganib chiqiladi.
Inson hayotiga xavf tugʻdirgan yoki oʻlim bilan bogʻliq holatlar 30 kun ichida, boshqa holatlar esa 60 kun ichida tahlil qilinadi.
Tekshiruv davomida mutaxassislar:
- kelib tushgan xabarlarni roʻyxatga oladi va tekshiradi;
- nojoʻya taʼsir haqidagi maʼlumotlarni maxsus bazalarga kiritadi;
- ushbu holat avval ham kuzatilgan yoki yoʻqligini aniqlaydi;
- shifoxonalar, dorixonalar va dori ishlab chiqaruvchilardan qoʻshimcha maʼlumotlar oladi;
- zarur hollarda dori namunalarini laboratoriyada tekshiradi;
- xalqaro ilmiy manbalar va maʼlumotlar bazalarini oʻrganadi;
- nojoʻya taʼsir dori vositasi bilan bogʻliq yoki bogʻliq emasligini baholaydi.
Oʻrganish yakunlari boʻyicha quyidagi qarorlardan biri qabul qilinadi:
- Agar nojoʻya taʼsir yengil boʻlib, dori yoʻriqnomasida koʻrsatilgan va inson sogʻligʻi uchun jiddiy xavf tugʻdirmasa, dori vositasi farmakologik nazorat doirasida kuzatuvda qoldiriladi.
- Agar nojoʻya taʼsir bilan dori vositasi oʻrtasida bogʻliqlik aniqlansa, uni qoʻllash boʻyicha yoʻriqnomaga oʻzgartirish yoki qoʻshimchalar kiritish tavsiya etiladi.
- Agar xavfni kamaytirish imkoni boʻlsa, dori vositasining xavfsizligini yanada chuqurroq oʻrganish uchun qoʻshimcha tadqiqotlar oʻtkazish tavsiya qilinadi.
- Agar dori vositasining xavfsizligi yoki samaradorligi boʻyicha jiddiy muammolar aniqlansa, uning muomalada boʻlishi cheklanishi, vaqtincha toʻxtatilishi yoki bozordan chiqarilishi mumkin.
Bu tartib aholi salomatligini muhofaza qilish va xavfsiz dori vositalaridan foydalanishni taʼminlashga qaratilgan.