15:08 (08.07.2026)
58
2026-yilning 1-yarmida Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash va farminspeksiya boshqarmasi tomonidan respublika boʻylab 634 ta nazorat tadbiri amalga oshirildi.
Ularning 125 tasi xavfni tahlil qilish tizimi asosida yuqori xavf darajasiga ega deb topilgan subyektlarda oʻtkazildi. Mazkur yondashuv nazorat tadbirlarini tasodifiy emas, balki xavf omillari yuqori boʻlgan yoʻnalishlarga yoʻnaltirish imkonini bermoqda. Bu esa bir tomondan halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarning ortiqcha tekshiruvlarga tortilishini kamaytirsa, ikkinchi tomondan qonunbuzarlik sodir etish ehtimoli yuqori boʻlgan subyektlar ustidan samarali nazoratni taʼminlaydi.
Nazorat tadbirlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baholandi. Xususan,
- 33 ta dorixonaning sud qarorlari asosida litsenziyasi bekor qilindi.
- ularning 6 tasida davlat tomonidan belgilangan dori narxlariga rioya qilinmagani aniqlandi.
- Yana 64 ta dorixona boʻyicha litsenziyani bekor qilish yuzasidan iqtisodiy sudlarga daʼvo arizalari kiritilgan boʻlib, ishlar koʻrib chiqilmoqda.
Shuningdek:
- 256 ta dorixonaga nisbatan maʼmuriy javobgarlik choralari qoʻllanildi.
- 33 ta tadbirkorlik subyektiga moliyaviy taʼsir choralari belgilandi.
- 68 ta korxona faoliyatiga oid toʻplangan hujjatlar sudga taqdim etildi.
Nazorat tadbirlarining asosiy maqsadi tadbirkorlik subyektlarini jazolash emas, balki qonun ustuvorligini taʼminlash, halol faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash, sifatsiz va xavfsizligi kafolatlanmagan dori vositalarining muomalaga kirib kelishining oldini olish hamda aholi manfaatlarini himoya qilishdan iborat.
Maʼlumot uchun:Respublikada hozirgi kunda 13 828 ta dori vositalari va tibbiy buyumlarni chakana realizatsiya qiluvchi tashkilot faoliyat yuritmoqda. Shundan 7 998 tasi asosiy dorixona, 5 830 tasi filial hisoblanadi. Bundan tashqari, 106 ta dori vositalarini tayyorlovchi tashkilot, 61 ta dori vositalari ishlab chiqaruvchi korxona hamda 456 ta ulgurji realizatsiya qiluvchi korxona faoliyat ko‘rsatmoqda.