Yangiliklar

not found

Shifokorlar bahorgi holsizlikning asl sababini tushuntirishdi

Ko‘pchilik ko‘klamda ish va turmushdagi jismoniy va ruhiy o‘zgarishlarni og‘ir o‘tkazadi.  Bu paytda surunkali kasalliklar qo‘zg‘aladi, asab tizimi yomonlashadi, ko‘p asabiylashadi, tez holsizlanadi, uyqusi ham me’yorida bo‘lmaydi. Shifokorlar buni asosan bioritm o‘zgarishi, qish o‘tib vitaminlar yetishmasligi, harorat va bosim goh oshib, goh tushib ketishi, allergiya va immunitet tushib ketishi bilan bog‘lashadi, deb xabar beradi rg.ru. Bu davrda kunlar uzayib organizmning serotonin va melatonin – kayfiyat bag‘ishlaydigan, yaxshi uxlash va dam olishga yordam beradigan garmonlarni ishlab chiqish tartibi buziladi. Shu sabab ko‘p uyqu bosadi, har jihatdan bo‘shashib qoladi, xavotir kuchayadi, apatiya holatiga tushadi. Bunda inson odatda quvonch keltiradigan narsalarga qiziqishni yo‘qotadi, hech narsa qilgisi kelmaydi va doimiy charchoqni his qiladi. O‘zgarishlar shulardangina iborat emas. Xotira va diqqatni jamlash susayadi, ishtaha goh pasayib, goh kuchayib ketadi. Bunday davrni yengil o‘tkazish uchun mutaxassislar ovqatlanish ratsioni va kun tartibini qayta ko‘rib chiqishni maslahat beradi. Tarkibi C, D, A va V vitaminlariga boy bo‘lgan – yong‘oq, sitrus, baliq, dukkakli va sut mahsulotlarini iste’mol qilish talab etiladi. Eng maqbuli, bu tanqislikni to‘ldirishni shifokor maslahati bilan amalga oshirgan ma’qul. Shu bilan birga barqaror kun tartibiga rioya etish talab qilinadi. Jumladan, uyqudan 2-3 soat avval gajet qurilmalaridan umuman foydalanmaslik, xonani shamollatish, har kuni bir xil vaqtda uyquga yotish va bir xil vaqtda uyg‘onishni tartibga qo‘ygan ma’qul, hatto dam olish kuni ham.

  • 1 Aprel, 15:07
  • Batafsil
not found

Oʻzbekistonda havo sifati yomonlashganda davlat xizmatchilari masofaviy ishga oʻtkazilishi mumkin

Oʻzbekistonda atmosfera havosi sifati keskin yomonlashgan holatlarda amal qilinadigan maxsus harakatlar tartibi (algoritm) ishlab chiqiladi. Prezidentning joriy yilning 25-mart kuni qabul qilingan “Atmosfera havosi sifatini yaxshilashga qaratilgan “Toza havo” umummilliy loyihasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonida ushbu tizim doirasida davlat tashkilotlarida ish rejimini oʻzgartirish yoki xodimlarni masofaviy shaklga oʻtkazish choralarini belgilash nazarda tutilgan.  Hujjatga koʻra, bir oy muddatda aholini tezkor ogohlantirish mexanizmi ishlab chiqiladi. Unda SMS-xabarlar, ommaviy axborot vositalari va raqamli platformalar orqali havo sifati yomonlashgani haqida xabar berish, xavf darajasi boʻyicha rasmiy maʼlumotlarni yetkazish koʻzda tutilgan. Shuningdek, aholini himoya qilish chorasi sifatida ochiq havoda boʻlishni cheklash, ayniqsa bolalar, keksalar va surunkali kasalligi bor shaxslarni uyda qolishga chaqirish, taʼlim muassasalarida ochiq havodagi mashgʻulotlarni vaqtincha bekor qilish hamda ommaviy tadbirlarni cheklash belgilangan. Farmonga muvofiq, zarur hollarda davlat idoralarida ish jarayonini moslashtirish, jumladan, masofaviy ish formatiga oʻtish imkoniyati ham koʻrib chiqiladi. Bundan tashqari, sanoat, energetika, qurilish va transport sohalarida chiqindilarni vaqtincha kamaytirish, qurilish ishlarini cheklash, transport harakatini qisqartirish, shuningdek, changni kamaytirish choralarini qoʻllash ham nazarda tutilgan. Ushbu hujjatga asosan, Oʻzbekistonda 2026-yil 1-maydan har oyning 10 va 25-sanalarida “Avtomobilsiz kun”, “Avtomobilsiz hafta” aksiyalari oʻtkazib boriladi, mazkur aksiyalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan xizmat avtotransport vositalaridan foydalanish qatʼiyan taqiqlanadi. Ushbu sanalar ish kunlariga toʻgʻri kelganda haydovchilarning ish haqi saqlab qolinadi. 

  • 1 Aprel, 09:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech