15:30 (20.05.2026)

45

Dorixonalarda dori vositalari qanday tayyorlanadi?

Dori vositalarini va tibbiy buyumlarni tayyorlash, saqlash, ularning sifatini nazorat qilish hamda ularni rasmiylashtirish tartibi toʼgʼrisidagi nizomga  koʼra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash dori vositalari va tibbiy buyumlarni tayyorlash uchun tegishli litsenziyaga ega boʼlgan dorixonalar tomonidan amalga oshiriladi.

Dori vositalari Oʼzbekiston Respublikasi Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan qoʼllanishi ruxsat etilgan dori moddalaridan (substantsiyalardan) tayyorlanadi va sanitariya normalari, talablari va gigienik normativlarga javob beradigan sharoitlarda amalga oshiriladi.

Hujjat bilan dorixonalarda:
➖ inʼektsion va infuzion dori vositalari;
➖ yangi tugʼilgan chaqaloqlar va 1 yoshga toʼlmagan bolalarni davolash uchun moʼljallangan dori vositalari;
➖ antibiotiklar;
➖oftalьmologik dori vositalari;
➖ suyuq dori vositalari: suspenziyalar, tomiziladigan vositalar va boshqalar;
➖ surtma dorilar;
➖ qattiq (kukun shaklidagi) dori vositalari;
➖ tibbiy buyumlar tayyorlanadi.

Dorixonalar tayyorlaydigan dori vositalarining sifat nazoratini ichki dorixona nazorati sohasida tegishli professional bilimga ega boʼlgan farmatsevt amalga oshiradi.  
 
Kimyoviy nazorat oʼtkazish uchun dorixonada barcha zarur uskunalar, asboblar va reaktivlar mavjud boʼlgan maxsus ish joyi jihozlangan boʼlishi kerak. Dori vositalari tayyorlanishi toʼgʼrisidagi barcha yozuvlar maxsus jurnalga qayd etiladi. U yozma yoki elektron shaklda yuritiladi.
 
Tayyorlangan dori vositalari sotish oldidan ham nazoratdan oʼtkaziladi, quyidagilarga muvofiqligi tekshiriladi:

a) dori vositasi oʼramining uning tarkibiga kiruvchi dori moddalarining fizikaviy-kimyoviy xossalariga mosligi;
b) retsept, talabnoma rekvizitlarining tayyorlangan dori vositasining oʼrovida koʼrsatilgan maʼlumotlarga mosligi;
v) tayyorlanadigan dori vositalarini rasmiylashtirish talablariga mosligi.
 
Biron-bir nomuvofiqlik aniqlanganda tayyorlangan dori vositasi sotilishiga yoʼl qoʼyilmaydi.  

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech