15:00 (19.05.2026)

30

Andijonda dori vositalarining yashirin sexi fosh etildi

Andijon viloyati bojxona boshqarmasining Kontrabandaga qarshi kurashish bo‘limi hamda DXX viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Andijon shahrida sifati kafolatlanmagan dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarayotgan yashirin sexning noqonuniy faoliyatiga chek qo‘yildi.

Aniqlanishicha, Andijon shahridagi bir manzilda 4 ta yuridik shaxs faoliyati tashkil etilgan bo'lib, ular “oziq-ovqat mahsulotlari uchun kimyoviy qo‘shimchalar” ishlab chiqarish niqobi ostida noqonuniy ravishda sifati kafolatlanmagan dori vositalari hamda biologik faol qo‘shimchalarni tayyorlab kelgan.

Mazkur yashirin laboratoriyada bugungi kunda aholi orasida keng tarqalgan “Vitamix”, “Gegsi”, “Ferrumfer”, “Winds Baby”, “Lyuvit”, “Yodovit”, “Gepporooz”, “Bifidolin”, “Yodoplyus” kabi 100 turdagi mahsulotlar tayyorlangani ma’lum bo‘ldi.

Ular orasida bolalar uchun mo‘ljallangan siroplar, og‘riq qoldiruvchi vositalar, bo‘g‘im va teri kasalliklari hamda qon ko‘paytirish uchun preparatlar, turli shamchalar hamda maxsus choylar ham bo‘lgan.

Eng achinarli jihati esa, tashqi ko‘rinishi bejirim va ishonchli tarzda qadoqlangan ushbu mahsulotlarning tayyorlanishi va saqlanishi mutlaqo antisanitariya holatida amalga oshirilganidir.

Tezkor tadbir davomida ushbu manzildan:

- 13 dona dori va biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish uskunalari;
- 6 dona muhr;
- mahsulotlarga yaroqlilik muddatini qadoqlovchi qurilmalar;
- 214 ming dona yozuvsiz bo‘sh shisha idishlar;
- 78 ming dona bo‘sh kapsulalar;
- 100 turdagi 503 ming 209 dona sifati kafolatlanmagan tayyor dori vositalari;
- 105 kilogramm nomsiz kukunlar ashyoviy dalil sifatida olindi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, mazkur mahsulotlarning umumiy qiymati qariyb 5 milliard so‘mni tashkil etmoqda.

Hozirda holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan tergovga qadar surishtiruv harakatlari davom ettirilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech