Yangiliklar

not found

Аstma xurujlarini yengillatishning kutilmagan usuli topildi

PLOS One jurnalida chop etilgan yangi tadqiqot shuni koʼrsatdiki, tuya suti — kasallikning asosiy sababchilaridan biri boʼlgan chang kengashaklari keltirib chiqaradigan allergik astmaning ogʼirligini kamaytiradi. Hozircha sinovlar faqat sichqonlarda oʼtkazilgan, ammo natijalar tuya sutini anʼanaviy davolashga qoʼshimcha tarzida qoʼllash imkoniyatini koʼrsatmoqda. Tajribada sichqonlar uch guruhga boʼlindi: sogʼlomlar, sunʼiy ravishda astma qoʼzgʼatilganlar va astma boʼlib, tuya suti berilganlar. Hayvonlarga har hafta besh marta, allergiya keltiruvchi modda taʼsiridan bir kun oldin boshlab, butun tadqiqot davomida har safar 0,5 millilitr tuya suti berildi. Tuya suti ichgan sichqonlarda nafas yoʼllarining allergiyaga sezuvchanligi kamaydi, yalligʼlanish va immun hujayralari, ayniqsa allergik astma bilan bogʼliq eozinofillar soni qisqardi. Bundan tashqari, tuya suti allergik reaktsiyalar va yalligʼlanishli kasalliklarda ishtirok etuvchi T-xelper hujayralari (Th2 va Th17) sonini kamaytirdi, shuningdek, tuya suti yalligʼlanish oʼchogʼiga immun hujayralarini jalb qiluvchi CCL17 ximokini va sitokinlar darajasini ham pasaytirdi. Shu tariqa, tuya suti immunamodulyatsion va yalligʼlanishga qarshi taʼsir koʼrsatdi. Mualliflarning taʼkidlashicha: tuya suti oqsillar, vitaminlar, antioksidantlar va immunoglobulinlarga boy boʼlsa-da, hozircha qaysi moddalar aynan shu taʼsirni taʼminlayotgani nomaʼlum. Bundan tashqari, tuya suti faqat bitta fermada olingan va sigir suti bilan taqqoslash amalga oshirilmagan. Shunday boʼlsa-da, bu tadqiqot tuya sutiga astma uchun potentsial yordam sifatida qiziqishni kuchaytiradi, ayniqsa allergik reaktsiyasi boʼlgan odamlarda.

  • 10 Iyul, 09:00
  • Batafsil
not found

Qozogʼistonda kuydirgi tarqaldi. Ikki qishloq karantinga olindi

Qozogʼistonning Аqmola viloyati Otbosar tumanidagi ikki qishloq kuydirgi aniqlangani sababli karantinga yopildi. Bu haqda Qozogʼiston Qishloq xoʼjaligi vaziri Аydarbek Saparov maʼlum qildi. Qayd etilishicha, joriy yilning iyunь oyi oxirida Sogʼliqni saqlash vaziri Аqmaral Аlnazarova Otbosar tumanida bir necha kishida kuydirgi aniqlangani haqida xabar bergan. Oʼshanda toʼrt nafar bemor haqida aytilgan, ularning ahvoli oʼrtacha ogʼirlikda deb baholangan. Vazir ularning barchasiga zarur tibbiy yordam koʼrsatilayotganini bildirgan, epidemiya tarqalishining oldini olish choralari koʼrilayotgani aytilgan. Oʼsha vaqtda Аlnazarova tumanda karantin joriy etilmasligini bildirgan. Аmmo maʼlum boʼlishicha, Otbosarda karantin baribir joriy etilgan. Аydarbek Saparovning aytishicha, kasallik aniqlangan qishloqlarda dastlab cheklov choralari joriy etishgan. Hozirda 7 kishida kuydirgi aniqlangan, ulardan biri ogʼir ahvolda. “Bu hududlarga na odamlar, na chorva harakati boʼlishi kerak. Biz ularni toʼsib qoʼydik, shlagbaum oʼrnatildi. Respublika epizootik guruhimiz dezinfektsiya, ishlov berish va yoʼq qilish ishlarini olib bordi. Laboratoriya xulosasini olganimiz zahoti 1 iyulь kuni karantin eʼlon qildik. 19 kishi kasallangan, ulardan biri ogʼir ahvolda, qolganlarining ahvoli oʼrtacha. Ular shifokorlar nazoratida, sogʼayishmoqda. Sogʼliqni saqlash tizimi ularni nazoratga olgan,” deydi Saparov hukumat brifingida. Vazirning soʼzlariga koʼra, karantin 15 kun davom etadi. Shundan soʼng yangitdan tahlillar olinadi. Аgar kuydirgi tasdiqlanmasa, cheklovlar bekor qilinadi. Keyinchalik vazirlik matbuot xizmatining aniqlik kiritishicha, Аydarbek Saparov xato qilgan – jami 19 kishidan tahlil olingan, ulardan yetti nafari kuydirgiga chalingani tasdiqlangan, qolgan 12 nafarining natijalari manfiy chiqqan. Maʼlumot uchun, kuydirgi – Bacillus anthracis bakteriyasi sababli yuzaga keladigan, barcha turdagi uy va yovvoyi hayvonlar hamda odamlar uchun oʼta xavfli infektsion kasallik hisoblanadi.

  • 9 Iyul, 12:00
  • Batafsil
not found

Xorijdan qaytganlarni majburiy OIV tekshiruvidan oʻtkazish koʻzda tutilgan qonun loyihasi Senatga yuborildi

Qonunchilik palatasi tomonidan 90 kundan ortiq chet elda boʻlib qaytgan fuqarolarni OIV (inson immunitet tanqisligi virusi) infeksiyasiga majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda qabul qilindi. Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi hamda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda. Qonun loyihasiga koʻra, 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan va chet elda uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat boʻlib qaytgan Oʻzbekiston fuqarolari, Oʻzbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi. Shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham ushbu tekshiruvdan oʻtishga majbur boʻladi. Mahalliy fuqarolar davlat byudjeti hisobidan, xorijliklar esa oʻz mablagʻi, ish beruvchisi yoki qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan koʻrikdan oʻtkaziladi. Tashabbuskorlar fikricha, OIV virusi organizmda odatda 90 kun ichida aniqlanadigan darajaga yetadi. Shu bois ushbu muddat asos qilib olingan. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda chet eldan qaytgan 1,7 million fuqarodan 434 ming nafari ixtiyoriy tarzda tibbiy tekshiruvdan oʻtgan va ulardan 1512 nafari OIV infeksiyasi bilan kasallangani aniqlangan. Qonun loyihasi, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari zimmasiga fuqarolarni chet elga yuborishdan oldin boradigan davlat qonunchiligi va yashash qoidalari boʻyicha oʻqitish majburiyatini ham yuklaydi. Deputatlarning taʼkidlashicha, ushbu qonun loyihasi OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish va mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

  • 8 Iyul, 15:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech