14:30 (10.10.2025)
225
2023 va 2024-yillarda inson sog‘ligi uchun muhim bo‘lgan dori vositalari yetkazib berilishida kuzatilgan muammolar Yevropa Ittifoqi mamlakatlari uchun jiddiy xavotir uyg‘otmoqda. Yevropa hisob palatasining (ECA) yangi hisobotiga ko‘ra, dori vositalarining "surunkali" tanqisligi so‘nggi ikki yilda eng yuqori darajaga yetgan.
2022-yildan 2024-yil oktabrigacha YEIda inson sog‘ligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan 136 nomdagi dori vositasining yetishmovchiligi kuzatilgan. Ushbu ro‘yxatga infeksiyalarni davolashda keng qo‘llaniladigan antibiotiklar ham kiritilgan.
2023 va 2024-yillarda dori vositalari tanqisligi bo‘yicha mutlaq rekord qayd etilgan — mos ravishda 48 va 46 holat. 2024-yil boshidan oktabr oxirigacha YEIga a’zo 27 mamlakatdan kamida 21 tasi shoshilinch ahamiyatga ega dori vositalarining yetishmovchiligi haqida rasmiy ravishda xabar bergan. Eng ko‘p tanqislik holatlari Belgiya, Ispaniya va Fransiyada kuzatilgan.
2024-yil yanvar oyida esa Yevropa iqtisodiy hududining 19 davlati "qishki" antibiotiklar tanqisligiga duch kelgan. 11 ta davlatda bunday yetishmovchilik shoshilinch va jiddiy darajada deb baholangan.
Muammo sabablari va oqibatlari
Dori vositalarining yetishmovchiligiga bir qator omillar sabab bo‘lmoqda. Jumladan, talabning oshib borishi, ishlab chiqarishdagi kechikishlar, ishlab chiqarish quvvatlari bilan bog‘liq muammolar va energiya xarajatlarining ortishi tanqislikning asosiy sabablari sifatida ko‘rsatilgan.
"Milliy xarid jarayonlarida barqarorlik uchun kam miqdorda rag‘bat berilgani narxlarga bo‘lgan bosimni kuchaytirmoqda", — deyiladi hisobotda.
Yevropada ishlab chiqarish xarajatlari Osiyoga nisbatan 20–40 foizga yuqori ekani qayd etilgan. IQVIA tahliliy kompaniyasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu holat YEIning faol farmatsevtik moddalar bo‘yicha Osiyoga 70 foizga va dori vositalaridagi asosiy biokimoviy moddalar (prekursorlar) bo‘yicha 79 foizga bog‘liq bo‘lib qolishiga olib kelgan.
Bu esa nafaqat bemorlarga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda, balki milliy sog‘liqni saqlash tizimlari uchun katta iqtisodiy yukni keltirib chiqarmoqda.
Mutaxassislar fikri
"Dori vositalarining tanqisligi — butun Yevropa Ittifoqi bo‘ylab doimiy muammo bo‘lib qolmoqda va u hanuzgacha ittifoq uchun surunkali bosh og‘rig‘i sanaladi. Bunday holatlar tobora ko‘payib, yanada jiddiy tus olmoqda. 2023 va 2024-yillarda kuzatilgan tanqislik darajalari tarixdagi eng yuqori nuqtaga yetdi", — dedi Yevropa hisob palatasi hisobotini jurnalistlarga taqdim etar ekan, Klaus-Xayner Lene.