08:59 (30.10.2025)
39
Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya va klinik immunologiya markazida Markaziy Osiyoda ilk bor hasharot chaqishi bilan bog‘liq og‘ir allergiyalarga qarshi immunoterapiya usuli yo‘lga qo‘yildi.
Anafilaktik shok holatlarining 20–30 foizi hasharotlar chaqishi sababli yuzaga keladi. Agar shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatilmasa, bunday bemorlarning hayoti o‘lim bilan yakunlanishi mumkin.
Hasharotlar chaqishi tufayli rivojlanadigan og‘ir allergik holat tanada kuchli holsizlik, teri oqarishi, qichishish, qavarchiqlar va angionevrotik shish, nafas qisishi, qon bosimining keskin tushishi, hushdan ketish kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi. Kuzatuvlarimizga ko‘ra, bu turdagi allergiya bolalarga nisbatan kattalarda ko‘proq uchraydi.
Yangi usul allergen spetsifik immunoterapiya (ASIT) — hayot uchun xavfli bo‘lgan bunday holatlarning oldini olish imkonini beruvchi yagona samarali usul hisoblanadi.
Ushbu muolaja turida allergenlar(masalan, ari zahri, o‘simlik changi)ning tuzli-suvli eritmasi bemor organizmiga kichik dozalarda titrlab yuboriladi. Shundan so‘ng spetsifik antitana miqdori kamayishi, ya’ni allergenga nisbatan javob reaksiyasi pasayishi kuzatiladi.
Natijada qondagi umumiy IGE miqdori ozayib, bloklovchi antitana — IGG4 ko‘payadi. Shu tariqa kasallik simptomlari kamayadi va hatto xastalik bemorni umuman bezovta qilmaydi. Xuddi shu immunoterapiya yordamida hayot uchun xavfli bo‘lgan anafilaktik reaksiyalar rivojlanishining oldi olinadi.
Bu tajriba hozircha faqat Gruziya va Turkiyada amalga oshirilgan bo‘lib, endilikda O‘zbekiston ular qatoriga qo‘shildi.