15:20 (12.09.2025)
55
Yurtimizda sifatsiz yoki qalbaki dori vositalarini o‘tkazish maqsadida olish, saqlash va tashish bilan bog‘liq harakatlarni amalga oshirish qonun bilan ta’qiqlangan.
Lekin, shunga qaramay jamiyatda qonunni mensimasdan o‘z qabih rejasini bajarishga urinayotgan, bu bilan insonlar salomatligiga putur yetkazishni o‘ylab ko‘rmaydigan kimsalar ham uchrayotganligi achinarli.
Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo‘yicha boshqarmasi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Namangan viloyati boshqarmasi va viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorligida salbiy holatlarni bartaraf etishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.
Unda “Lucky biznes farm” MCHJ rahbari A.N. dori vositalarini realizatsiya qilish faoliyatini amalga oshirish uchun maxsus ruxsatnoma olmagan holda, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi Toshkent mahallasida joylashgan “Usmo-pharm” MCHJga qarashli omborxonada kelib chiqish manbai noma’lum, sifat sertifikati bo‘lmagan va yaroqlilik muddati o‘tgan dorilarni sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlandi.
Buning natijasida, ombordan tegishli hujjatlari yo‘q 963 ming 15 dona, 1 milliard 273 million 300 ming so‘mni tashkil etgan dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olinib, vaqtincha saqlash uchun “Namangan dori darmon” aksiyadorlik jamiyati maxsus omborxonasiga topshirilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasida qayd etilishicha, jamiyat maxsus ruxsatnomasiz va muddati o‘tgan dori vositalari realizatsiyasi bilan shug‘ullangan 63 turdagi dori vositalarining yaroqlilik muddati o‘tgan, saqlash sharoitiga amal qilinmagan, ikki turdagisining muvofiqlik sertifikati rasmiylashtirilmagan, to‘qqiz turdagi dorilar esa davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan.
Hozirda, A.N.ning ushbu noqonuniy harakatlariga chek qo‘yilib, unga nisbatan Jinoyat kodeksining 186 (prim 3) - moddasi, 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.