15:00 (08.07.2025)

39

Xorijdan qaytganlarni majburiy OIV tekshiruvidan oʻtkazish koʻzda tutilgan qonun loyihasi Senatga yuborildi

Qonunchilik palatasi tomonidan 90 kundan ortiq chet elda boʻlib qaytgan fuqarolarni OIV (inson immunitet tanqisligi virusi) infeksiyasiga majburiy tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi uchinchi oʻqishda qabul qilindi.

Qonun loyihasi bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi, “Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi toʻgʻrisida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisida”gi hamda “Aholi bandligi toʻgʻrisida”gi qonunlarga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish taklif qilinmoqda.

Qonun loyihasiga koʻra, 18 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan va chet elda uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat boʻlib qaytgan Oʻzbekiston fuqarolari, Oʻzbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslar OIV infeksiyasiga majburiy tibbiy tekshiruvdan oʻtkaziladi.

Shuningdek, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun Oʻzbekistonga kelayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham ushbu tekshiruvdan oʻtishga majbur boʻladi. Mahalliy fuqarolar davlat byudjeti hisobidan, xorijliklar esa oʻz mablagʻi, ish beruvchisi yoki qonun bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan koʻrikdan oʻtkaziladi.

Tashabbuskorlar fikricha, OIV virusi organizmda odatda 90 kun ichida aniqlanadigan darajaga yetadi. Shu bois ushbu muddat asos qilib olingan. Maʼlumotlarga koʻra, 2024-yilda chet eldan qaytgan 1,7 million fuqarodan 434 ming nafari ixtiyoriy tarzda tibbiy tekshiruvdan oʻtgan va ulardan 1512 nafari OIV infeksiyasi bilan kasallangani aniqlangan.

Qonun loyihasi, shuningdek, xususiy bandlik agentliklari zimmasiga fuqarolarni chet elga yuborishdan oldin boradigan davlat qonunchiligi va yashash qoidalari boʻyicha oʻqitish majburiyatini ham yuklaydi.

Deputatlarning taʼkidlashicha, ushbu qonun loyihasi OIV infeksiyasi tarqalishini oldini olish, aholi salomatligini muhofaza qilish va mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech