10:30 (20.10.2025)
40
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti (JSST) xavotirli maʼlumotlarni eʼlon qildi: dunyo boʻylab 3 milliarddan ortiq inson nevrologik buzilishlar bilan yashamoqda, har yili esa 11 milliondan ziyod inson miya faoliyatiga taʼsir qiluvchi kasalliklar tufayli vafot etmoqda.
JSST hukumatlarni nevrologik salomatlikni saqlashga qaratilgan investitsiyalarni jadallashtirishga va tibbiy xizmatlarga yetarli darajada yetishishni taʼminlashdagi toʻsiqlarni bartaraf etishga chaqirmoqda.
Tashkilot hisobotiga koʻra, Yer yuzi aholisining taxminan 40 foizi bir yoki bir nechta nevrologik buzilishlardan aziyat chekmoqda. Oʻlim va nogironlikka eng koʻp olib keladigan 10 ta nevrologik kasallik qatoriga quyidagilar kiradi:
• insult,
• migren,
• Alsgeymer kasalligi va demensiyaning boshqa turlari,
• meningit,
• sababi nomaʼlum boʻlgan epilepsiya.
Shu bilan birga, structural (tarkibiy), moliyaviy va ijtimoiy toʻsiqlar bu kasalliklarga qarshi kurashda toʻsqinlik qilmoqda. JSST taʼkidlashicha, jamiyatdagi keng tarqalgan notoʻgʻri tushunchalar va stereotiplar koʻplab odamlarni zarur tibbiy yordam soʻrashdan tiyib turadi.
JSST taʼkidlashicha, kam daromadli mamlakatlarda nevrolog shifokorlar soni rivojlangan davlatlarga nisbatan 80% kam. Bu esa millionlab insonlar uchun oʻz vaqtida qoʻyiladigan tashxis, samarali davo va muntazam kuzatuvning mavjud emasligini anglatadi.
Hozirda faqat 63 ta davlatda nevrologik kasalliklarni davolash boʻyicha milliy strategiya mavjud va atigi 34 ta davlatda ushbu sohani maxsus moliyalashtirish koʻzda tutilgan.
“Agar shoshilinch choralar koʻrilmasa, nevrologik kasalliklar yuki ortib boraveradi”, — deyiladi JSST xabarida.
Hisobotda mamlakatlar shoshilinch ravishda ushbu sohani ustuvor yoʻnalish sifatida belgilashi, muntazam investitsiyalar kiritishi, tibbiy xizmatlardan foydalanish imkonini kengaytirishi, miya salomatligini targʻib etishi va qaror qabul qilish jarayonlarini yaxshilash maqsadida monitoringni kuchaytirishi zarurligi qatʼiy taʼkidlangan.