13:00 (01.12.2025)

150

O‘zbekistonda elektron sigaretalar taqiqlandi

O‘zbekistonda elektron sigaretalarni o‘tkazganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilandi.

27 noyabr kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga ba’zi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni iste’mol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunda belgilangan.

Jinoyat kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, O‘zbekistonda muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlari, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlari, shu jumladan elektron sigaretalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish o‘tkazish, ishlab chiqarish, O‘zbekistonga olib kirish yoki undan olib chiqish ancha miqdorda yoxud shunday harakatlar uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 300 baravaridan 500 baravarigacha (123,6 million so‘mdan 206 million so‘mgacha) miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Bunda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilgan va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirgan taqdirda javobgarlikdan ozod qilinadi.

Bundan tashqari, “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda iste’mol qilinishini cheklash to‘g‘risida”gi qonunda elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning aylanishiga doir taqiq belgilandi.

Avvalroq elektron sigaretalar yurak-qon tomir tizimiga zarar yetkazishi haqida ma’lumot bergandik.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech