09:00 (20.02.2026)

293

Quloqchinlarda saratonni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan moddalar aniqlandi

Quloqchinlar bo‘yicha o‘tkazilgan tadqiqotda sinovdan o‘tkazilgan qurilmalar tarkibida inson salomatligi uchun ehtimoliy xavfli moddalar mavjudligini ko‘rsatdi. Ular orasida onkologik kasalliklar rivojlanishi, neyrorivojlanishdagi buzilishlar hamda gormonal muvozanat izdan chiqishi bilan bog‘liq bo‘lgan kimoviy birikmalar ham bor.

Tahlil turli ishlab chiqaruvchilarning qurilmalarini qamrab oldi, jumladan Bose, Panasonic, Samsung va Sennheiser mahsulotlari ham o‘rganildi. Bu haqda The Guardian nashri xabar berdi.

Tahlil uchun tadqiqotchilar Chexiya, Slovakiya, Vengriya, Sloveniya va Avstriyada sotilgan 81 ta ichki kanalli va to‘liq o‘lchamli quloqchin modelini, shuningdek Shein va Temu onlayn platformalari orqali sotilgan mahsulotlarni xarid qildi. Laboratoriya sinovlari natijalariga ko‘ra, tekshirilgan barcha namunalarda xavfli moddalar aniqlangan.

Namunalarning 98 foizida bisfenol A (BPA), uchdan to‘rt qismidan ko‘prog‘ida esa bisfenol S (BPS) aniqlangan. Bu moddalar plastikning qattiqligini oshirish uchun qo‘llaniladi va estrogen gormoni ta’sirini taqlid qilishi mumkin. Shu bois ular saraton kasalligi rivojlanishi xavfi, qizlarda erta jinsiy balog‘atga yetish hamda erkaklarda gormonal buzilishlar bilan bog‘liq bo‘lishi ehtimoli mavjud. Avvalgi tadqiqotlar bisfenollar sintetik materiallardan terga o‘tishi va teri orqali organizmga kirib borishi mumkinligini ko‘rsatgan.

Bundan tashqari, qurilmalarda reproduktiv tizim uchun zaharli deb hisoblanadigan ftalatlar, jigar va buyraklarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan xlorlangan parafinlar, shuningdek endokrin tizimni buzuvchi xususiyatga ega bo‘lgan bromlangan va organofosfatli antipirenlar ham aniqlangan. Ushbu birikmalarning aksariyati juda kam miqdorlarda topilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, garchi bir martalik doza kichik bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, turli manbalardan doimiy ta’sir yig‘ilib, «kokteyl effekti” deb ataluvchi holatni yuzaga keltirishi mumkin. Bu esa uzoq muddatli salomatlik xavflarini oshiradi. Chunki bugungi kunda quloqchinlar har kuni bir necha soat davomida taqib yuriladigan qurilmaga aylangan, deyishmoqda tadqiqotchilar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech