09:00 (26.02.2026)
51
Amerikalik olimlar grippning barcha turlari, shamollash, o‘pka bakterial infeksiyalari va hatto ayrim allergiya turlaridan himoya qilish imkoniga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan yangi burun spreyi shaklidagi vaksinani ishlab chiqdi.
Stanford University tadqiqotchilari universal vaksinani allaqachon hayvonlarda sinovdan o‘tkazgan va yaqin vaqtda insonlar ishtirokidagi sinovlarni boshlashni rejalashtirmoqda.
Ushbu yangilik tibbiyot olamida so‘nggi 200-yil davomida vaksinalar yaratilish tamoyilini butunlay o‘zgartirib yuborishi mumkin bo‘lgan keskin burilish sifatida baholanmoqda.
An’anaviy vaksinalar immun tizimini muayan bir infeksiyaga qarshi kurashishga “o‘rgatadi”, masalan, qizamiq yoki grippga qarshi emlash faqat bitta virusdan himoya qiladi. Science jurnalida bayon etilgan yangi usul esa immunitetni "o‘rgatishni" talab qilmaydi, buning o‘rniga vaksina immun hujayralari o‘rtasidagi axborot almashinuvi mexanizmlarini taqlid qiladi.
Burun spreyi ko‘rinishidagi vaksina o‘pkadagi makrofag deb ataluvchi oq qon hujayralarini doimiy shay holatga keltirib qo‘yadi. Natijada, organizmga qanday infeksiya kirishga urinmasin, immunitet tizimi uni darhol qaytarishga tayyor turadi.
Hayvonlar ustida o‘tkazilgan tajribalarda vaksina taxminan uch oy davomida ta’sir ko‘rsatgan va o‘pkaga kirib kelayotgan viruslar miqdorini 100 dan 1000 baravarga kamaytirgan.
Gripp viruslari va koronaviruslardan tashqari, vaksina shuningdek ikki bakteriyaga — Staphylococcus aureus va Acinetobacter baumannii qarshi ham himoya qiladi. Ushbu bakteriyalar shifoxona ichida yuqadigan infeksiyalarni keltirib chiqaradi.
Mikrobiologiya va immunologiya professori Bali Pulendranning so‘zlariga ko‘ra, vaksina keng qamrovli immun javobni yuzaga keltiradi va allergik reaksiyalarni, jumladan chang ta’sirida kelib chiqadigan astmani ham kamaytirishi mumkin.
Hozircha inson organizmi yangi vaksinaga qanday javob qaytarishi va immun tizimi qancha vaqt davomida yuqori tayyorgarlik holatida saqlanishi noma’lum. Agar insonlarda o‘tkaziladigan klinik sinovlar ham muvaffaqiyatli yakunlansa, ishlanma pandemiyalar yoki mavsumiy respirator kasalliklar avj olishining dastlabki bosqichlarida qo‘llanilishi mumkin. Bu virusli kasalliklar og‘ir kechishini oldini oladi, shuningdek tezroq sog‘ayishga yordam beradi.