13:00 (19.12.2025)
125
Jahon farmatsevtika sanoati rivojlanib borar ekan, xodimlar soni kompaniyaning ish hajmi, global qamrovi va xizmatlar koʻlamini koʻrsatib beruvchi muhim koʻrsatkich boʻlib qolmoqda.
2025-yilda farmatsevtika va tibbiyot sohasidagi eng yirik ish beruvchi kompaniyalar turli — anʼanaviy dori ishlab chiqarish va biotexnologiya innovatsiyalaridan tortib, chakana dorixonalar va klinik xizmatlargacha boʻlgan yoʻnalishlarni qamrab olmoqda.
CVS Health 2025-yil holatiga koʻra 300 mingdan ortiq xodimga ega boʻlib, farmatsevtika bilan bogʻliq sohadagi eng yirik ish beruvchi hisoblanadi. Kompaniya faqat dorixonalar tarmogʻi bilan cheklanib qolmay, MinuteClinic tibbiy klinikalari, Caremark farmatsevtik imtiyozlarni boshqarish tizimi (PBM) va Aetna sugʻurta boʻlimi orqali ham faoliyat yuritadi.
2024-yilda CVS Health kompaniyasining daromadi 97,7 milliard dollarni tashkil etgan.
Walgreens Boots Alliance (WBA) kompaniyasi taxminan 311 ming nafar xodimni ish bilan taʼminlab, AQSH, Buyuk Britaniya va boshqa bozorlarda faoliyat yuritadi. Hozirda WBA oʻz faoliyatini raqamli dorixona infratuzilmasi va klinik xizmatlarni rivojlantirish tomon yoʻnaltirmoqda.
Johnson & Johnson (J&J) kompaniyasida 2025 yil holatiga koʻra taxminan 138 ming nafar xodim faoliyat yuritmoqda. Bu koʻrsatkich 2023 yildagi 152 mingdan ortiq xodimga nisbatan kamaygan boʻlib, bu kamayish kompaniyaning isteʼmolchilar uchun moʻljallangan sogʻliqni saqlash boʻlimi — Kenvueni alohida kompaniya sifatida ajratib chiqishi bilan bogʻliq.
Shunga qaramasdan, J&J farmatsevtika sohasiga, ayniqsa onkologiya va immunologiya yoʻnalishlariga, shuningdek tibbiy qurilmalar ishlab chiqarishga sarmoya kiritishni davom ettirmoqda. 2024-yilda kompaniya 88,8 milliard dollar daromad qayd etdi.
Sinopharm — Xitoyning davlat nazoratidagi yirik farmatsevtika kompaniyasi — taxminan 120 ming nafar xodimni ish bilan taʼminlaydi. Kompaniya dorilar ishlab chiqarish, vaksina tadqiqotlari (R&D), anʼanaviy Xitoy tibbiyoti (TCM) va distribyutorlik sohalarida faoliyat yuritadi.
AstraZeneca kompaniyasi 2024-yil oxiriga qadar xodimlar sonini taxminan 94 300 nafarga yetkazdi. Bu kompaniyaning onkologiya, kam uchraydigan kasalliklar va nafas olish tizimi kasalliklari uchun dorilari sohasida kengayishi natijasidir. Kompaniya shuningdek 2030-yilgacha umumiy daromadni 80 milliard dollarga yetkazish maqsadini eʼlon qildi. Bu maqsadga erishish uchun AstraZeneca 2030-yilga qadar 20 ta yangi dorini bozorga chiqarishni rejalashtirmoqda.