14:57 (16.05.2025)
49
Bugun poytaxtimizning International Hotel Tashkent mehmonxonasida xalqaro mutaxassislar ishtirokida tez tibbiy yordam xodimlarining I-Respublika syezdi boshlandi.
“Tez tibbiy yordam xizmatini tashkil etishning dolzarb masalalari” mavzusidagi I -Respublika syezdida mahalliy mutaxassislardan tashqari, Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Turkiya, Koreya Respublikasi, Fransiya, Germaniya, Italiya, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston kabi 10 dan ziyod davlatlar hamda nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari onlayn va oflayn tarzda ishtirok etmoqda. Xususan, "Dori-Darmon"AK vakillari ham ishtirok etayapti.
Ilk bor tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirni Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Vazir o‘z nutqida mazkur anjuman mamlakatimizda tez tibbiy yordam xizmati faoliyatini yanada rivojlantirish, ilg‘or xalqaro tajribani birgalikda muhokama qilish, soha amaliyotiga zamonaviy texnologiyalar va raqamli yechimlarni joriy etishda muhim platforma bo‘lishini alohida ta’kidladi.
Tadbir ishtirokchilari kunning ikkinchi yarmidan seksiyalarga bo‘lingan holda sohaning muhim muammolarini birgalikda muhokama qilib, takliflar ishlab chiqadi.
Tez tibbiy yordam xodimlarining I-Respublika syezdi ertaga ham o‘z ishini davom ettiradi.