12:00 (18.12.2025)
63
San-Fransisko shahridagi Kaliforniya universiteti mutaxassislari sun’iy intellektga asoslangan diagnostika tizimini ishlab chiqdilar. Ushbu tizim pnevmoniya rivojlanishining sabablarini yuqori aniqlik bilan aniqlay oladi hamda bemorga antibiotiklar zarur yoki yo‘qligini belgilash imkonini beradi. Uni qo‘llash natijasida antibiotiklar sarfini 80 foizgacha qisqartirish mumkin.
«Biz ishlab chiqqan yondashuv bakteriologik tekshiruvlarning keng qo‘llaniladigan usullariga nisbatan tashxis qo‘yish va davolash usulini tanlashni ancha tezlashtiradi. Ushbu tizimni joriy etish og‘ir ahvoldagi bemorlarga tezroq tashxis qo‘yish imkonini beradi, shuningdek, antibiotiklarni asossiz qo‘llashni kamaytiradi”, — dedi universitet dotsenti Chez Langelye.
Tibbiyot xodimlarining ta’kidlashicha, hozirgi kunda og‘ir shakldagi pnevmoniya va quyi nafas yo‘llari infeksiyalarini davolashda, odatda, keng ta’sir doirasiga ega antibiotiklar qo‘llaniladi. Ko‘p hollarda bunday davolash usuli samarali natija beradi, biroq ayrim vaziyatlarda infeksiya SARS-COV-2 kabi viruslar tomonidan chaqirilgan bo‘lishi yoki uni keltirib chiqargan bakteriyalar antibiotiklarga chidamli bo‘lishi mumkin.
Bunday holatlarni oldini olish maqsadida shifokorlar bemor organizmiga kirib olgan mikroorganizmlarni yetishtirish (kultivatsiya qilish)ning turli usullaridan foydalanadilar. Ammo ushbu usullar maxsus jihozlar hamda katta vaqt talab etadi. Shu sababli olimlar pnevmoniyaning rivojlanish sabablarini tez va aniq aniqlash hamda bemor hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul davolash usulini tanlash imkonini beruvchi muqobil biomarkerlar va yondashuvlarni izlashga majbur bo‘lmoqdalar.
Olimlar sun’iy intellekt tizimini muayan biomarkerlarni kuzatib borishga o‘rgatdi. Jumladan, o‘pka to‘qimalarida yallig‘lanish jarayonlarining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan FABP4 geni faolligi kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilindi va ular pnevmoniyaning rivojlanish mexanizmini aniqlash uchun qo‘llanildi.
Tadqiqotchilar ushbu tizimni koronavirus pandemiyasi boshlanishidan oldin va keyin to‘plangan ikki xil ma’lumotlar to‘plami asosida sinovdan o‘tkazdi. O‘tkazilgan testlar natijalariga ko‘ra, SI holatlarning 96 foizida to‘g‘ri tashxis qo‘ygan bo‘lib, bu ko‘rsatkich oddiy shifokorlar natijalaridan ancha yuqori ekani aniqlandi.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, agar ushbu tizim ma’lumotlar yig‘ilgan paytdayoq tibbiyot xodimlari ixtiyorida bo‘lganida, antibiotiklar sarfini 80 foizgacha qisqartirish imkoni mavjud bo‘lar edi. Bu esa “superbakteriyalar”ning rivojlanishini sekinlashtirish, asoratlar paydo bo‘lish chastotasini kamaytirish hamda dori-darmonlar xarid qilish xarajatlarini pasaytirishga xizmat qilgan bo‘lar edi.