14:47 (30.04.2025)

82

Senatorlar elektron sigaretalar savdosini taqiqlash toʼgʼrisidagi qonunni maʼqulladi

Senat aʼzolari qonun aholining hayoti va sogʼligʼini muhofaza qilishga, millat genofondini saqlashga xizmat qilishini taʼkidladilar.

Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oʼzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga baʼzi turdagi tamaki mahsulotlarining, tamakini va nikotinni isteʼmol qilish moslamalarining muomalasiga doir talablarni yanada kuchaytirishga qaratilgan oʼzgartirishlar va qoʼshimcha kiritish toʼgʼrisida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, mamlakatda aholi oʼrtasida, ayniqsa bolalar va yoshlar orasida sogʼlom turmush tarzini shakllantirish, shu jumladan tamaki mahsulotlari tarqatilishining va isteʼmol qilinishining oldini olish boʼyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Soʼnggi yillarda tamaki mahsulotlarining yangi turlarini, xususan, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni qonunga xilof ravishda mamlakatga olib kirish hamda muomalaga kiritish hollari koʼpaymoqda.

Shu munosabat bilan, tamaki mahsulotlarining, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarining, shu jumladan elektron sigaretalarning va ular uchun suyuqliklarning muomalasini mamlakatimiz hududida taqiqlash, ularni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish, shuningdek, tamakini qizdirish tizimlarini qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish uchun javobgarlik belgilash zarurati yuzaga kelmoqda.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga va Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga muomalasi taqiqlangan tamaki mahsulotlarini, nikotin yetkazib berishning elektron tizimlarini, shu jumladan elektron sigaretalarni va ular uchun suyuqliklarni ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʼtkazish, shuningdek olib kirish va olib chiqish uchun javobgarlik belgilanishini nazarda tutuvchi oʼzgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonun aholining hayoti va sogʼligʼini himoya qilishga, millat genofondini saqlashga hamda atrof muhitni tamaki va nikotin mahsulotlarining yangi turlaridan muhofaza qilishga xizmat qilishi taʼkidlandi.

Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech