11:00 (02.12.2025)

83

Saraton, infarkt va suyak sinishlari diagnostikasida sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalaniladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 1-dekabr kuni sogʻliqni saqlash, taʼlim, transport va kosmos sohalarida sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish boʻyicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishdi.

Davlatimiz rahbarining oktabr oyida qabul qilingan “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni va “Sunʼiy intellekt texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori bilan yurtimizda bu borada zarur infratuzilma barpo etish hamda kadrlar tayyorlash uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Jumladan, 2030-yilgacha strategiya tasdiqlanib, Raqamli texnologiyalar vazirligi huzurida tegishli markaz ochildi. Sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish uchun zarur hisoblash infratuzilmasi barpo qilinmoqda. Jumladan, AQSHning “Nvidia” kompaniyasi bilan hamkorlikda super kompyuter klasterini ishga tushirish loyihasi amalga oshirilmoqda. Tibbiyot sohasida sunʼiy intellekt boʻyicha 5 ta loyiha joriy qilinmoqda. Xususan, insult, koʻkrak saratonini sunʼiy intellekt yordamida aniqlash orqali diagnostika vaqti 80 foizga tejalib, hayot uchun xavfli holatlar barvaqt aniqlanmoqda.

Prezidentimiz bu yetarli emasligi, sunʼiy intellekt yordamidagi diagnostikani ishlatish mumkin boʻlgan kasalliklar turini yanada kengaytirish zarurligini qayd etdi.

Shu munosabat bilan xorijiy hamkorlar bilan birgalikda respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlarida jigar, oʻpka va prostata bezi saratoni, infarkt va murakkab suyak sinishlarini diagnostika qilishda tibbiy suratlarni sunʼiy intellekt yordamida tahlil qilish tizimlarini joriy etish rejalashtirilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech