12:00 (16.09.2025)
54
Soʻnggi yilda Rossiyada bolalar uchun onkosugʻurta polislariga boʻlgan talab keskin oshdi — 2025-yilning birinchi yarmida 1 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan bolalar va oʻsmirlar orasida sugʻurta qilinganlar soni oʻtgan yilning xuddi shu davriga nisbatan 5 baravarga koʻpaygan.
Bu haqda "Rosgosstrax" kompaniyasining shaxsiy sugʻurta boʻyicha departamenti maʼlum qilgan.
Mutasaddilarning qayd etishicha, rak soʻnggi yillarda "yosharmoqda" — bu kasallik faqat qariyalarniki emas, balki 50 yoshdan kichik insonlar, hatto bolalar va oʻsmirlar orasida ham tobora koʻproq qayd etilmoqda. Jahonda har yili 400 mingdan ortiq bolalar onkologiyasi holatlari aniqlanadi. Baʼzi oʻsmalar juda tez oʻsishi tufayli, erta tashxis va oʻz vaqtida davolash muvaffaqiyat kaliti hisoblanadi.
Bugungi kunda onkosugʻurta polislari na faqat davolanish xarajatlarini (8 million rublgacha) qoplashni, balki tashxis qoʻyilganida bir martalik toʻlov (200 ming rubl), shaxsiy vrach-kurator kuzatuvi va reabilitatsiyani ham oʻz ichiga oladi. Agar davolanish xorijiy klinikalarda amalga oshirilsa, sugʻurta toʻlovlari 25 million rublgacha yetishi mumkin.
Ota-onalar bolalar uchun sugʻurta polisini, odatda, butun oila uchun toʻplam sifatida sotib olishmoqda. Bu polislar kattalarnikiga nisbatan ancha arzon: kattalar uchun oylik toʻlov 600–2000 rubl atrofida boʻlsa, bolalar uchun bu miqdor 300–600 rublni tashkil etadi.
Anna Yelfimova, docdeti klinikasi onkolog shifokorining taʼkidlashicha:
“Hozirgi kunda ham shifokorlar, ham ota-onalarning onkologik kasalliklar toʻgʻrisidagi xabardorligi ortgan. Bu esa tashxisni erta qoʻyish va davolash natijalarini yaxshilashga xizmat qilmoqda. Soʻnggi yillarda bolalar onkologiyasida immunoterapiya, targetli terapiya va hujayraviy texnologiyalar singari zamonaviy usullar joriy etilmoqda. Ular davolash samaradorligini yanada oshirmoqda.”
Mutasaddilar taʼkidlashicha, vaqtinchalik sarf qilingan sugʻurta toʻlovi bola hayotini saqlab qolishda hal qiluvchi omilga aylanishi mumkin.